
Navoiyda ekologiya inspektoriga qo‘l ko‘targan brakonerlar qo‘lga olindi
Noqonuniy ov bilan shug‘ullangan shaxslar ekolog inspektorining talabiga bo‘ysunmay, unga kuch ishlatgan va voqeadan qochib ketishga uringan.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida ov qurollari bilan qurollangan bir guruh brakonerlar viloyat ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi xodimi I. Xo‘jayevga kuch ishlatdi. Bu haqda Rasul Kusherbayev xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy ov bilan shug‘ullangan brokonerlar ekologiya inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani holda o‘zlariga yordam uchun Buxoro viloyatidan «ko‘cha mafiyasi»dan iborat guruh chaqirib, ular yordamida qochib ketishga erishgan.
Navoiy viloyati IIBning ma’lum qilishicha, Qiziltepa tumani IIB tomonidan holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilib, videodagi fuqarolarning shaxsi aniqlangan va IIBga olib kelingan.
Surishtiruv davomida Buxoro viloyatidan kelgan 5 nafar fuqaro «To‘dako‘l» suv havzasi hududiga ov qilish uchun kirgan va shu yerda xizmat vazifasini bajarayotgan ekologiya boshqarmasi xodimi I.X.ning qonuniy talablariga bo‘ysunmay, unga nisbatan kuch ishlatgan.
Avtomashina yukxonasi ko‘zdan kechirilganda 1 ta yovvoyi quyon, 2 ta yovvoyi o‘rdak, saqlash uchun ruxsatnomasi mavjud 4 ta ov quroli topilgan.
Hozirda Qiziltepa tumani IIB tomonidan barcha zarur ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buvaydada hokim o‘rinbosari ekoinspektorga qo‘l ko‘targanligi haqida xabar berilgan edi.





