
Nemis xalqi 35 yilda ichida ilk bor urush xavfi haqida ogohlantirildi
Germaniyada fuqarolarga urush va gibrid tahdidlar xavfi haqida rasmiy ogohlantirish berildi. Hukumat 3–10 kunlik oziq-ovqat zaxirasini tayyorlab qo‘yishni tavsiya qildi.

Germaniya Federal fuqarolarni himoya qilish va ofatlarga yordam ko‘rsatish boshqarmasi (BBK) 35 yildan keyin ilk bor urush ehtimoli haqida fuqarolarni ogohlantirdi. Tashkilot «Krizis va ofatlarga tayyorgarlik» nomli yangi qo‘llanmani chop etdi, unda fuqarolarga kiberhujumlar, dezinformatsiya va sabotaj kabi tahdidlarga tayyor bo‘lish tavsiya etilgan.
BBK rahbari Ralf Tislerning ta’kidlashicha, Germaniya hali ham xavfsiz mamlakat hisoblansa-da, o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyat yangi xavflarni keltirib chiqargan. «Oldindan tayyorgarlik ko‘rish har doim ustunlik beradi», — dedi u.
Qo‘llanmada portlash, sabotaj yoki shahar markazlariga hujum holatlarida fuqarolarning qanday harakat qilishi kerakligi batafsil yoritilgan. Shuningdek, dezinformatsiyadan himoyalanish usullari va favqulodda vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha tavsiyalar ham berilgan.
Hujjatda urush ehtimoli «bugungi kunda avvalgidek uzoq bo‘lmagan xavf» sifatida ta’riflangan. Shu sababli, aholiga 3 dan 10 kunga yetadigan oziq-ovqat zaxirasini tayyorlab qo‘yish tavsiya etilgan.
Germaniyada ilgari, 1990 yilda chiqarilgan qo‘llanmalarda harbiy tahdidlar tilga olinmagan edi. Yangi nashrda esa ilk bor siberhujumlar, dezinformatsiya, sabotaj va urush xavfi kabi «hibrid tahdidlar» ochiqchasiga muhokama qilingan.
Euronews xabariga ko‘ra, Tisler fuqarolarning xavotirini tushunishini aytgan va hukumatning vazifasi — ularni ishonchli axborot bilan ta’minlash ekanini ta’kidlagan. Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Martin Yeger esa urush ehtimoli «ko‘pchilik o‘ylaganidek uzoq emas»ligini bildirgan.





