
Nepalda kuchli yomg‘ir 44 kishining umriga zomin bo‘ldi
Nepalda uzluksiz yomg‘ir oqibatida kelib chiqqan ko‘chki va suv toshqinlari natijasida 44 kishi halok bo‘ldi.

CNN ma’lum qilishicha eng katta talofot mamlakatning Hindiston bilan chegaradosh Illam tumanida kuzatilgan. Bu yerda butun boshli qishloqlar ko‘chki ostida qolgan va shu hududning o‘zida 37 kishi halok bo‘lgan. Illam choy yetishtirish bilan mashhur bo‘lib, 3 oktyabrdan beri bu hududda yomg‘ir to‘xtamay yog‘moqda. Bir oilaning 6 a’zosi uxlab yotgan vaqtda uylari ko‘chki ostida qolib halok bo‘lgani aytilmoqda.
Qutqaruv ishlariga ko‘chkilar va suv bosgan yo‘llar to‘siq bo‘lmoqda. Ko‘pgina yo‘llar butunlay yo‘qolgan, ayrim joylarda harakat xavfsizlik nuqtai nazaridan cheklangan. Hukumat vertolyotlar yordamida aholini evakuatsiya qilmoqda, harbiylar esa odamlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish bilan shug‘ullanmoqda.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, bir kishi qo‘shni tumanda ko‘chki oqibatida, 3 kishi chaqmoq urishidan va yana 3 kishi suv toshqinlaridan halok bo‘lgan. Mamlakatning sharqiy va markaziy hududlarida 6 oktyabrgacha kuchli yomg‘ir xavfi haqida ogohlantirish berilgan.
Poytaxt Katmanduni boshqa hududlar bilan bog‘lovchi yo‘llar ham yopilgan. Yo‘l harakati asosan Dashayn bayrami oldidan yuzaga kelgan tirbandliklar tufayli yanada og‘irlashgan. Hukumat kuchli yomg‘ir sababli 6 oktyabrgacha umumxalq dam olish kunini e’lon qildi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Nepal xalqiga hamdardlik bildirib, mamlakatga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Nepal hukumati bu taklifga hozircha javob bermagan.





