add

Nike 1 iyundan ayrim mahsulotlar narxini oshirishini ma’lum qildi

Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya Nike 1 iyundan boshlab poyabzal va kiyim-kechaklarining ayrim turlari narxini oshirishini e’lon qildi. Bu qaror AQSHdagi tariflar bilan bog‘liq beqaror vaziyat fonida qabul qilingan.

Nike 1 iyundan ayrim mahsulotlar narxini oshirishini ma’lum qildi
Nike kompaniyasi 1 iyundan boshlab ayrim mahsulotlari, jumladan, poyabzal, kiyim-kechak va uskunalar narxini oshiradi. Kompaniya buni «mavsumiy rejalashtirish» bilan tushuntirmoqda. Tahlilchilar esa bu qarorni AQSHdagi savdo siyosatlaridagi noaniqliklar bilan bog‘lashmoqda. Tariflar masalasi rasman tilga olinmagan bo‘lsa-da, BBCʼga ko‘ra narx oshirish ichki va tashqi omillar ta’sirida amalga oshirilgan. Xususan, Nikening raqibi Adidas o‘tgan oyda shu kabi tariflar tufayli mashhur «Gazelle» va «Samba» krossovkalarining AQSHdagi narxi oshishini ogohlantirgandi. Nike ta’rificha, 1 iyundan boshlab narxi 100 dollardan yuqori bo‘lgan aksariyat poyabzallarda 10 dollarg‘acha narx oshishi kutilmoqda. Kiim-kechak va sport jihozlarining narxi esa 2 dollardan 10 dollargacha qimmatlashadi. Shu bilan birga, «Air Force 1» kabi ommabop modellar,  100 dollardan arzon poyabzallar, bolalar uchun mahsulotlar va Jordan brendli kiyimlar narx oshishidan mustasno etiladi. Qizig‘i, Nike 2019 yildan buyon ilk marta o‘z mahsulotlarini AQSHda Amazon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishni qayta boshlashini ham ma’lum qildi. Bungacha kompaniya asosiy e’tiborni rasmiy veb-sayti va an’anaviy do‘konlarga qaratib kelgandi. Nike uchun AQSH eng katta bozor hisoblanadi — kompaniyaning katta qismi aynan Shimoliy Amerikada sotiladi. Biroq so‘nggi vaqtlarda sotuvdagi pasayish uning mahsulotlari uchun to‘liq narx belgilash imkoniyatini cheklamoqda. Ayni vaqtda AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy qilingan tariflar tufayli Nike poyabzallari ishlab chiqariladigan Osiyo mamlakatlari — Viyetnam, Indoneziya va Xitoy — AQSHning 32 foizdan 54 foizgacha import soliqlariga duchor bo‘lgan. Bu esa narxlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid