
Nike ilk bor Hind dizaynerlar bilan hamkorlik qildi
13.06.2025 | 18:4014163
Nike kompaniyasi Hindistonning NorBlack NorWhite brendi bilan ilk hamkorlikda 5 ming yillik «bandhani» texnikasi asosida tayyorlangan ayollar sport kiyimlarini taqdim etdi.
Amerikaning mashhur sport kiyimlari brendi Nike o‘z tarixida ilk bor Hindiston brendi bilan dizaynerlik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Dehlida joylashgan NorBlack NorWhite bilan ishlab chiqilgan mazkur kolleksiya an’anaviy hind «bandhani» bog‘lash-boyosh texnikasidan ilhomlangan.
Jilolar, futbolkalar, sport bralari va mashhur Air Max krossovkalari zamonaviy ko‘rinishda qadimiy geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Hindistonlik kriketchilar Jemima Rodriges va Shafali Verma, kurashchi Anshu Malik hamda yugurish bo‘yicha sprinter Priya Mohan ishtirok etgan reklama kompaniyasi Jaypur shahrida suratga olingan.
NorBlack NorWhite 2010 yilda Hindistonga ko‘chib kelgan kanadalik dizaynerlar Mriga Kapadiya va Amrit Kumar tomonidan tashkil etilgan. Ushbu brend hind qo‘l mehnati an’analarini ko‘chadagi moda bilan uyg‘unlashtirishi bilan tanilgan.
Nike ushbu loyiha orqali Hindiston bozoridagi mavqeini mustahkamlashga umid qilmoqda. Kompaniya 1995 yili litsenziya asosida bozorga kirgan bo‘lib, keyinchalik hech qanday katta tijorat muvaffaqiyatiga erisha olmagan. 2019 yilga kelib, do‘konlar soni 350 tadan 150 tagacha qisqargan. Hozirda brendning Hindistonda 93 ta do‘koni bor, bu Xitoydagi 2 600 ta do‘konga nisbatan ancha kam.
Nike shuningdek, ayollar sport kiyimlari segmentini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganini ma’lum qildi. Bu kolleksiya ham shunday maqsadga xizmat qilib, hind ayollarini sport va faol hayotga jalb qilishni ko‘zlagan.





