add

Nodir G‘aniyev — O‘zbekistonning Monakodagi ilk elchisi

09.10.2025 | 10:2012333

O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Nodir G‘aniyev Monakoga ham elchi etib tayinlandi va knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Nodir G‘aniyev — O‘zbekistonning Monakodagi ilk elchisi
O‘zbekiston Respublikasining Monako knyazligidagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi etib Nodir G‘aniyev tayinlandi. Elchining qarorgohi Parij shahrida joylashgan bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Fransiya hamda Portugaliyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi. Nodir G‘aniyev Monako knyazi Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Suhbat davomida knyaz O‘zbekiston bilan qayta tiklanadigan energiya sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, u Samarqand shahrida bu yil oktyabr–noyabr oylarida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan tabrik so‘zlarini izhor etdi. O‘zbekiston elchisi o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, investitsiya va turizm sohalarida aloqalarni kengaytirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Monako o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2013 yil 29 noyabrda o‘rnatilgan. Vatikandan keyin dunyodagi ikkinchi eng kichik davlat bo‘lgan Monako Fransiyaning Rivera sohilida, Jer dengizi bo‘yida joylashgan. Nodir G‘aniyev 2024 yil sentyabrda Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan, shu yil may oyidan esa Portugaliyadagi elchi vazifasini ham bajarib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid