
Nodirbek Abdusattorov «Tata Steel Chess 2026» g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekistonlik shaxmatchilar dunyodagi eng nufuzli musobaqada birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallab, tarixiy natija qayd etishdi.

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan dunyodagi eng nufuzli musobaqalardan biri — Tata Steel Chess 2026 turniri g‘olibi bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyatga u to‘rtinchi urinishda erishdi va ilk bor Masters guruhi chempioni sifatida tarixga kirdi.
Turnir davomida Abdusattorov asosiy raqiblariga qarshi partiyalarni ishonchli o‘tkazib, barqaror va mazmunli o‘yin namoyish etdi. Yakuniy tur oldidan u musobaqa jadvalida yakka peshqadamlik qildi va 1-fevral kuni hal qiluvchi partiyada hindistonlik grossmeyster Arjun Erigaysini mag‘lub etdi.
Musobaqa yakunida Abdusattorov 13 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘ardi. U olti g‘alaba, olti durang va bir mag‘lubiyat bilan turnirni birinchi o‘rinda yakunladi. Bungacha u 2023 yilda ikkinchi, 2024 va 2025 yillarda esa uchinchi o‘rinni egallagan edi.
«Qanchalik baxtli ekanimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Bu juda uzoq yo‘l bo‘ldi. Har safar g‘alabaga yaqin kelardim va yildan-yilga maqsadga yetishimga ozgina yetmay qolardi. Va mana, nihoyat, ushbu turnirda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldim — buning ustiga juda chiroyli uslubda. Bu faoliyatimdagi eng muhim paytlardan biridir», — dedi Abdusattorov.
U ushbu turnirda g‘olib chiqishni bolaligidan orzu qilganini ta’kidlab, nihoyat maqsadiga erishganini aytdi.

Turnirda ikkinchi o‘rinni O‘zbekistonning yana bir vakili Javohir Sindarov egalladi. U 13 partiyadan 8,5 ochko jamg‘arib, Masters guruhida mag‘lubiyatga uchramagan yagona ishtirokchi bo‘ldi. Sindarov oxirgi turda g‘alaba qozonib, chempionlik uchun intrigalarni musobaqa oxirigacha saqlab qoldi.
Onlayn-reyting natijalariga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov dunyo reytingida beshinchi o‘rinni egalladi, Javohir Sindarov esa ilk bor 11-o‘ringa ko‘tarildi.


