Nogironligi bo‘lgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt berish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yangilanadi.
© sun'iy intelektPrezident Shavkat Mirziyoyev alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga yetgan. Har yili o‘rtacha 4,6 millionta ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shundan qariyb 2 millioni mahalla darajasida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatda nogironligi bo‘lgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan bo‘lsa, yana 34,6 ming nafar bolani ta’lim tizimiga jalb etish zarur.
Yangi baholash tizimi
Takliflarga ko‘ra, ijtimoiy xodimlar ishtirokida bolalar bilan «oilabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir bolaning ehtiyojlari erta bosqichda kompleks baholanib, unga mos ta’lim muhiti va zarur xizmatlar belgilanadi.
Yangi baholash mexanizmi 2026 yil 1-oktabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida sinov tariqasida joriy etiladi. 2026/2027 o‘quv yilidan maxsus maktablarda ta’lim individual rejalar asosida tashkil qilinadi.
Shuningdek, ko‘zi ojiz pedagoglar hamda maxsus maktablarning boshlang‘ich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar biriktiriladi. Korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.
Boshpanasizlar qo‘llab-quvvatlanadi
2027 yildan nogironligi bo‘lgan bolalarni matnni o‘qish qurilmalari, Brayl displeylari, ovoz sintezatorlari va boshqa assistiv texnologiyalar bilan vaucher asosida ta’minlash rejalashtirilmoqda.
2027/2028 o‘quv yilidan esa kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt, surdotarjimon, Brayl alifbosi, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yangilanadi.
Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi.
Ularda hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirish bo‘yicha individual dasturlar amalga oshiriladi.
