Logo

Nosir al-Xelaifi FIFA prezidenti bo‘lishi mumkin

Kecha 08:301 daqiqa

Yevropa futbol rasmiylari «PSJ» prezidentini FIFA rahbarligiga nomzod sifatida muhokama qilmoqda.

Nosir al-Xelaifi FIFA prezidenti bo‘lishi mumkin

Yevropa futbol doiralarida Fransiyaning «PSJ» klubi prezidenti Nosir al-Xelaifini FIFA prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ilgari surish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Bu haqda «Politico» manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muzokaralar 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati davomida boshlangan. Manbalarning aytishicha, Yevropa futbol rasmiylari Janni Infantino siyosatiga nisbatan ortib borayotgan norozilik fonida yangi nomzod variantini ko‘rib chiqmoqda.

Ayniqsa, Infantino Jahon chempionatining tijorat huquqlari ulushini xususiy investorlarga sotish rejasini muhokama qilayotgani haqidagi xabarlar bu jarayonni tezlashtirgan.

Xelaifi vakillari xabarni rad etdi

«Politico»ning yozishicha, yevropalik mansabdorlardan biri hozirgi vaziyatni izohlar ekan, Nosir al-Xelaifining nomzodi uchun «barcha omillar mos kelganini» aytgan.

Biroq «PSJ» prezidenti vakillari nashrga bergan izohida bu ma’lumotlarni rad etdi. Ular Nosir al-Xelaifining FIFA rahbarligiga nisbatan «hech qanday qiziqishi, niyati yoki rejasi yo‘q»ligini ta’kidlagan.

Saylov 2027-yilda

«Politico» manbalariga ko‘ra, Nosir al-Xelaifining nomzodi 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida Janni Infantinoga real raqobatchiga aylanishi mumkin.

Hozircha uning rasman nomzodi ko‘rsatilgani yo‘q. Shu bilan birga, Yevropa futbol doiralarida FIFA boshqaruvi, Jahon chempionatining tijoratlashuvi va tashkilotning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan bahslar tobora kuchayib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid