add

Notariusga ijro xatlari yozish huquqi berildi

10.09.2025 | 17:006183

Prezidentning 9 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab BHMning 1000 baravarigacha miqdordagi qator talablar notariuslar orqali ijro etilishi mumkin bo‘ladi.

Notariusga ijro xatlari yozish huquqi berildi
Unga muvofiq: Notarial tasdiqlangan bitimlar asosidagi talablar; Majburiyatlar ta’minlangan ko‘char mol-mulkka qaratiladigan talablar; Ijara to‘lovlari va kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish masalalari notarius tomonidan rasmiylashtiriladi. Islohotning maqsadi sudlar yukini yengillashtirish va huquqiy munosabatlarni tezkor hal etishdan iborat. Hujjatda aytilishicha, notariuslar ijro xatlarini tayyorlaganda qonunchilikda belgilangan tartib va talablarga qat’iy amal qilishi shart. Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan notarius lavozimida bo‘lishning yuqori yosh chegarasi o‘zgaradi. Endilikda ular 70 yoshgacha ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasida suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish va shaxsiy rozilik talab etiladi. Notariusini lavozimiga tayinlash va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini olish tartibi tubdan o‘zgaradi. Amaldagi malaka imtihoni o‘rniga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yagona tanlov tizimi joriy etiladi. Birinchi bosqichda nomzodlar davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat hamda vorislik huquqi bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi. Ikkinchi bosqichda esa muvaffaqiyatli natija ko‘rsatganlar Oliy malaka komissiyasi amaliy imtihonida ishtirok etadi. Unda notarial harakat loyihalarini elektron platformada tayyorlash va muammoli masalaga javob berish talab etiladi. 2026 yildan boshlab notarial hujjatlar notarius imzosi va muhri bilan birga QR kod orqali ham tasdiqlanishi belgilandi. Avvalroq notarius xizmatlari Face-ID orqali amalga oshirilishi, aholidan pasport aslini talab qilish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid