add

OAV: Yevropa yetakchilari Zelenskiyni AQSHning ehtimoliy «xiyonati» haqida ogohlantirdi

Kecha 21:102372 daqiqa

Ular Vashington ehtimoliy ravishda hududlar bo‘yicha kelishuvga bosim o‘tkazishi, biroq Kiyevga aniq xavfsizlik kafolatlari bermasligini ta’kidlab, Zelenskiyni ehtiyotkorlikka chaqirdi.

OAV: Yevropa yetakchilari Zelenskiyni AQSHning ehtimoliy «xiyonati» haqida ogohlantirdi

Yevropa mamlakatlari rahbarlari Ukraina atrofidagi muzokara jarayonlari keskinlashgan bir paytda prezident Volodimir Zelenskiyga jiddiy ogohlantirishlar bermoqda. Der Spiegel’ning ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSH hududlar masalasiga aralashishi mumkinligini, biroq bu Kiyev uchun ishonchli kafolatlar bilan ta’minlanmasligini aytgan.

Unga qo‘shimcha ravishda, Germaniya kansleri Fridrix Mers Vashington Ukraina bo‘yicha «o‘z o‘yinlarini o‘ynayotgani»ni ta’kidlagan. Uning fikricha, AQSHda ayrim doiralar tinchlik muzokaralarini tezlashtirishga qiziqmoqda, ammo bu Kiyev manfaatlariga zid ssenariylarga olib kelishi mumkin.

Yevropa yetakchilarining yana bir tashvishi – Ukraina prezidentining AQSHning norasmiy muzokarachilari bilan uchrashuvlari. Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Zelenskiyni Jared Kushner va Stiv Uitkoff kabi shaxslar bilan yolg‘iz qolmaslikka chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muloqotlarda Yevropa ham ishtirok etishi lozim, aks holda Vashington manfaatlari ustun kelib qolishi ehtimoli yuqori.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham ushbu fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan. U Yevropa uchun Ukraina xavfsizligini ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, mintaqada har qanday kelishuv Kiyev pozitsiyasiga tayanilgan holda qabul qilinishi zarurligini aytgan.

Der Spiegel maqolasida qayd etilishicha, Yevropa rahbarlari AQSHdagi ayrim siyosiy kuchlar Ukrainaga bosim o‘tkazishi mumkinligini oldindan sezmoqda. Shu bois Zelenskiyga ehtiyotkorlik, hamkorlarning keng ishtiroki va har bir muzokara bosqichida umumiy YI manfaatlarini inobatga olish tavsiya qilingan.

Teglar

Mavzuga oid