OAVdan yashirilgan yirik sudlar, 14 foizda qolgan asosiy stavka va Toshkent atrofida quriladigan 1 mlrd dollarlik yo‘l — 29-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Ochiq, lekin yopiq»: Sud OAVga 90 million dollarlik migratsiya ishini yoritishni taqiqladi
Bektemir tuman sudida Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq, 90 million dollarlik zarar yetkazilgani aytilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Sudlanuvchilar orasida DXXning sobiq mansabdorlari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari ham bor. Ularga pora olish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi ayblovlar e’lon qilingan.
Sud majlisi ochiq deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, advokatlar va sudlanuvchilarning qarshiligidan so‘ng sud OAVga jarayonni yoritishni taqiqladi. Shu tariqa jurnalistlar ishtirok etishiga ruxsat berilmagan, majlis esa ommaviy axborot vositalari yorituvisiz davom etmoqda.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar berish uchun ishonch telefoni ishga tushirildi
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish uchun 1246 qisqa raqamli ishonch telefonini ishga tushirdi. Fuqarolar ushbu raqam orqali bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy yoki jinsiy zo‘ravonlik, beparvolik hamda bola hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi holatlar haqida anonim tarzda murojaat qilishi mumkin.
Agentlik murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishini ma’lum qildi. Hozirda koll-markaz test rejimida ishlamoqda va fuqarolar bolalar huquqlari buzilishiga befarq bo‘lmaslikka chaqirildi.
Toshkent atrofida 1 mlrd dollarlik ikki qavatli pulli yo‘l qurilishi mumkin
Toshkent shahri atrofida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pulli aylanma yo‘l qurish loyihasi muhokama qilinmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qaroriga ko‘ra, qiymati 1 milliard dollarlik loyiha Xitoyning China Railway Construction kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Biroq shahar hokimligi hozircha faqat hamkorlik memorandumlari imzolanganini, yakuniy investitsiya qarorlari qabul qilinmaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan BRT yo‘laklari, tunnellar, yo‘lo‘tkazgichlar va yo‘llarni rekonstruksiya qilishga doir yana bir nechta yirik loyihalar ham muhokama qilinmoqda. Ular orasida Toshkentni «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti bilan bog‘laydigan pulli avtomagistral qurilishi ham bor. Barcha tashabbuslar hozircha dastlabki kelishuvlar bosqichida.
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvi 29-iyul kuni asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyatorning ma’lum qilishicha, iyun oyida energiya resurslari va ko‘mir narxlari oshishi ta’sirida inflatsiya yillik hisobda 6,4 foizga yetgan bo‘lsa-da, bazaviy inflatsiya 5,7 foiz darajasida saqlanib qolgan.
Markaziy bank yil yakuniga oid prognozlarini ham o‘zgartirmadi. Unga ko‘ra, 2026 yil oxirida inflatsiya 6,5 foiz, iqtisodiy o‘sish esa 7,5–8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 16-sentabr kuni o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda sukuk va yangi turdagi obligatsiyalar chiqarilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda sukuk (islom obligatsiyalari), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar kabi yangi moliyaviy instrumentlarni muomalaga chiqarish taklif etilmoqda. Bu kapital bozorini rivojlantirish va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Qonun loyihasida, shuningdek, investorlar huquqlarini himoya qilish, korporativ boshqaruv va axborot oshkoraligini kuchaytirish, kapital bozori infratuzilmasini hamda Markaziy depozitariy va reyting agentliklari faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish nazarda tutilgan.
Bekmurod Abdullayev ishi: 30 nafar sudlanuvchi, OAVga cheklov
JIB Yunusobod tuman sudida IIV sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamentining sobiq rahbari Rustam Tursunov va yana 28 nafarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Yettinchi sud majlisida advokatlar talabiga ko‘ra, davlat siriga oid ma’lumotlar mavjudligi vaji bilan sud jarayonini OAV ishtirokisiz, yopiq tarzda o‘tkazishga qaror qilindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ish 200 milliard so‘mdan ortiq zarar bilan bog‘liq. Prezident avvalroq IIV tizimida davlat xaridlari orqali 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan edi. Aprel oyida esa Bekmurod Abdullayev yetkazilgan zararni qoplaganidan so‘ng, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi garov bilan almashtirilgan.





