
Ochilboy Ramatov boshchiligida Gulistondagi portlash sabablari o‘rganiladi
Hukumat komissiyasi tuzish bo‘yicha Prezident topshiriq bergan.

Gulistondagi portlash bo‘yicha Prezident topshirig‘iga binoan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, komissiya jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, hodisa sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday baxtsiz hodisalarni oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2-dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi «Uz Bek Family» MCHJga qarashli ovqatlanish shoxobchasida gaz va havo aralashmasining chaqnashi tufayli yong‘in yuz bergandi.
Portlash oqibatida 29 kishi jarohatlanib, shundan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanuvchilardan uch nafari vafot etgan, bir nafari o‘ta og‘ir ahvolda, yana besh kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Sirdaryo viloyat IIB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan va 1 kishi protsessual tartibda qamoqqa olingan.





