add

OKMK sun’iy intellekt orqali ishlab chiqarishni o‘zgartiradi

Bugun 18:223 daqiqa

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati sun’iy intellektni joriy etish orqali 2030 yilgacha xarajatlarni kamaytirish va xavfsizlikni oshirishni maqsad qilgan.

OKMK sun’iy intellekt orqali ishlab chiqarishni o‘zgartiradi

Sun’iy intellekt ulkan hajmdagi ma’lumotlarni inson hech qachon uddalay olmaydigan tezlikda aniq tahlil qilish va qayta ishlashga qodir. Shu tufayli sun’iy intellekt ko‘plab sohalarda bebaho vositaga aylandi, chunki u murakkab vazifalarni tezda hal qilishga qodir bo‘lib, unumdorlik va samaradorlikni oshiradi. Bugungi kunda sun’iy intellekt tizimlari sanoat ishlab chiqarishi, ilmiy tadqiqotlar, tilshunoslik, san’at, tibbiyot, ta’lim, moliyalashtirish va boshqa sohalarda qo‘llanilmoqda.

Jumladan, yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatida ham yangi raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish maqsadida Sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish bo‘limi tashkil etildi.

Xususan, kombinatda sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi — SI texnologiyalarini ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichida qo‘llash orqali global raqobatbardoshlikni ta’minlash, mahsulot tannarxini pasaytirish va ishlab chiqarish xavfsizligini oshirish uchun kombinatni intellektual korxonaga aylantirishdan iborat.

Ushbu bosqichda SIni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari texnologik jarayonlar (tog‘-kon, boyitish, metallurgiya, tashish), sanoat xavfsizligi va ekologiya (maxsus himoya vositalarining video tahlili, chiqindi omborlari va atrof-muhit monitoringi), korporativ boshqaruv (raqamli yordamchilar, xaridlar va omborlarni boshqarish, HR-tahlil) sifatida belgilandi.

Birinchi bosqichda, joriy yilda ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurish, sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish, jamoani shakllantirish, maydalash va flotatsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatadigan tez iqtisodiy samaradorlikka ega bo‘lgan tajriba loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanoat xavfsizligini ta’minlash va jarohatlarni kamaytirish uchun komputer ko‘rish tizimlarini joriy etish, xodimlarning raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar va ratsionalizatorlik takliflarini yig‘ish mexanizmlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqichda (2027–2028 yillar) muvaffaqiyatli tajriba-sinov loyihalari boyitish fabrikalari, Mis eritish zavodining barcha texnologik zanjirlariga joriy etiladi. Kimyoviy tahlil ma’lumotlarini to‘liq raqamlashtirish va ularni mashinali o‘qitish modellariga integratsiya qilish uchun yagona laboratoriya axborot tizimini (LIMS) joriy etish, muhim kon va texnologik uskunalarda bashoratli diagnostika tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda esa (2029–2030 yillar) kompleks avtonom tizimlar, butun kombinatni bashoratli boshqarish, ma’lumotlarning to‘liq integratsiyasini o‘z ichiga olgan ekotizim yaratiladi.

Konsepsiyani amalga oshirishning strategik maqsadi kombinat ishlab chiqarish aktivlarini «Intellektual ishlab chiqarish» ekotizimiga transformatsiya qilishdan iborat. Unga erishish ishlab chiqarish zanjirining asosiy tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ta’minlanadi: geologik qidiruv va ma’danni qazib olishdan tortib, boyitish va tayyor metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha qamrab olinadi.

Shunday qilib, OKMKda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanish orqali 2030 yilga borib operatsion xarajatlarni  kamida 10-15 foizga kamaytirish, videotahlil va bashoratli diagnostika tizimlari orqali ishlab chiqarish jarohatlari va baxtsiz hodisalar darajasini kamaytirish, sun’iy intellekt maslahatchilari orqali boyitish fabrikalarida foydali komponentlarni ajratib olishni oshirish, o‘z infratuzilmasi va korporativ bilimlar bazasini yaratish rejalashtirildi,

OKMK Axborot xizmati.

Reklama huquqi asosida.

Teglar

Mavzuga oid