
Oliy Majlis deputati: «Tadbirkorlar e’tirozi — mavjud muammolarga berilgan baho»
22.09.2025 | 08:2034624
O‘zbekistonda qurilish sohasi hali ham korrupsiya xavflaridan to‘liq xalos bo‘lmagan, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va «Yuksalish» harakati rahbari Bobur Bekmurodov.

Uning ta’kidlashicha, tadbirkorlarning noroziligi sohadagi islohotlar zarurligini ko‘rsatadi. Bobur Bekmurodov o‘z fikrini qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tadbirkor Usmonjon Abdusamatov ustidan Ichki ishlar organlariga shikoyat arizasi kiritgani ma’lum bo‘lgach bildirdi.
Abdusamatov qurilish sohasida katta miqdorda pora olinishi haqida ma’lum qilgan edi.
«Qurilish sohasida korrupsiyaviy holatlar haqida gapirgan tadbirkor ustidan Qurilish vazirligi ichki ishlar organlariga shikoyat kiritgani muhokama qilinmoqda.
«Avvalambor aytish kerakki, qurilish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shubhasizki, sohada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda, ko‘plab jarayonlar raqamlashtirilgan holda, inson omili kamaytirilib borilmoqda.
Biroq, sohani korrupsiyadan to‘liq holi deb ayta olmaymiz.
Bejizga, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qurilishni korrupsiyasiz sohaga aylantirish topshirig‘i berilmagan edi. Bu borada Prezidentimiz loyiha, tender, qurilish va ob’ektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turganligini tanqid ostiga olgan edi.
Vazirlik jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun mavjud mexanizmlardan foydalanmayapti.
Masalan, Qurilish vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashida bor yo‘g‘i 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti bor.
Vaholanki, Prezident farmoni bilan bu talab kamida 50 foiz etib belgilangan. Kengash orqali mavjud muammolardan uzilib qolmasdan, ularni doimiy kuzatib, tahlil qilib borish imkoniyati mavjud.
Shuning uchun, tadbirkorning e’tirozlarini — sohaga emas, mavjud muammolarga berilgan baho sifatida qarash lozim. Va aksincha, bildirilgan tanqid ortidan ruxsat berish jarayonlarining shaffofligini yanada oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish kerak deb, hisoblayman.
Bu vaziyatda vazirlik tadbirkor bilan uchrashib, muammolarning yechimi yuzasidan takliflarini olishi eng to‘g‘ri yo‘l», deb yozgan deputat o‘z kanalidi.
Avvalroq Biznes-ombudsman nomidan Tadbirkor tanqid uchun jazolanmasligi kerakligi haqida rasmiy munosabat e’lon qilingan edi.





