
Oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi to‘lab beriladi
15.09.2025 | 16:3046753
Davlat rahbari ustoz va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator yangi tashabbuslarni taqdim etdi.

Yangi yildan kamida 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat hisobidan qoplanadi. Kelgusi o‘quv yilidan esa davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlariga kontrakt to‘lovida 30 foizlik chegirma beriladi.
O‘qituvchilar yangi texnologiyalarni qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. 2026 yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki barobar kamayishi belgilangan.
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari ham milliy sertifikat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sertifikatga ega bo‘lganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi. Shuningdek, bakalavrni imtiyozli diplom bilan bitirib maktabda ish boshlaganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi.
Dunyodagi TOP-300 oliygohga o‘qishga kirgan pedagoglar 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti bilan ta’minlanadi. Reytingda yetakchi bo‘lgan maktab, bog‘cha, texnikum va oliygoh pedagoglariga esa yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab samolyot va poyezd chiptalariga 15–20 foiz chegirma beriladi.





