
Olti oyda 46 nafar talaba giyohvand moddalar savdosiga aralashgan
09.10.2025 | 20:2021403
Narkotiklarni sotishni kasb qilganlar narkokurer sifatida talabalarni tanlayotgani kuzatilmoqda.

Joriy yilning 6 oyida 46 nafar oliy o‘quv yurti talabasi narkojinoyatlarning oldi-sotdisiga aralashib qolgan. Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi katta inspektori Muhammadqodir Mahmudov xabar berdi.
Unga ko‘ra, narkotiklarni sotishni kasb qilganlar narkokurer sifatida talabalarni tanlayotgani kuzatilmoqda. Oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan va kelajakda bir kasbning egasi bo‘lishi kutilayotgan yoshlarning boshi berk ko‘chaga kirayotgani ularning hayotini salbiy tomonga o‘zgartirayotgani dolzarb muammodir.
Mutaxassisning qayd etishicha, texnologiya va internet rivojlanib borgani sayin giyohvandlik vositalari tarqatuvchilar ham savdo ko‘rinishini o‘zgartirib, murakkablashtirib bormoqda. Avval qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan og‘u bugun noma’lum lokatsiyalar va noaniq shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ota-onalar ish va boshqa muammolar bilan bo‘lib, farzandlarining og‘u ta’siriga tushib qolganidan xabarsiz qolmoqda. Sababi, bugungi narkotiklar avvalgisi kabi o‘zini tezda namoyon qilmaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining sa’y-harakati natijasida joriy yilda aniqlangan narkojinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan.





