
Oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilishiga sabab Trampmi?
08.10.2025 | 22:3013525
Jahondagi siyosiy beqarorlik va iqtisodiy xavotirlar tufayli oltin unsiyasi narxi ilk bor 4 ming dollardan oshib, tarixiy rekord o‘rnatdi.

BBC taxliliga ko‘ra, investorlar xavfsiz aktivlarga yuzlanishi natijasida oltin bozori 1970-yillardan beri kuzatilmagan darajada o‘sdi. AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan boj siyosati va hukumatning ikki haftalik shatdauni global savdodagi noaniqlikni kuchaytirib, qimmatbaho metalga talabni oshirdi.
Oltin an’anaviy ravishda iqtisodiy inqiroz yoki bozor tebranishlari paytida o‘z qiymatini saqlab qoluvchi «xavfsiz pana» sifatida ko‘riladi. Bu gal ham investorlar kapitalini himoya qilish maqsadida oltinga yo‘naltirmoqda. Shuningdek, markaziy banklar ham AQSH aktivlariga qaramlikni kamaytirish uchun yil davomida ming tonnaga yaqin oltin sotib olgan.
Buyuk Britaniya banki sun’iy intellekt sohasidagi texnologik kompaniyalar qiymati «qiymati haqiqiy iqtisodiy asosdan yuqori darajaga chiqqanini»ni bildirib, moliya bozorlarida keskin pasayish xavfini ta’kidladi. Bu ogohlantirish ham investorlarni xavfsiz aktivlarga — jumladan oltinga — murojaat qilishga undadi.
«AQSHdagi hukumat faoliyatining to‘xtashi oltin uchun qulay muhit yaratmoqda. Bunga o‘xshash holat 2019 yilda ham kuzatilgan — o‘shanda oltin narxi bir oy ichida 4 foizga o‘sgan edi», deydi OCBC banki tahlilchisi Kristofer Vong.
UOB banki mutaxassisi Xeng Kun Xau esa oltin narxining so‘nggi bir oydagi o‘sishi tahlilchilar kutganidan ancha yuqori bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, dollarning zaiflashishi, chakana investorlar faolligi va markaziy banklar siyosatining o‘zgarishi ushbu rekord ko‘tarilishga turtki berdi.
Jahon Oltin Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda oltinga bog‘liq moliyaviy mahsulotlarga 64 milliard dollar sarmoya kiritilgan. Singapurdagi Silver Bullion kompaniyasi asoschisi Gregor Gregersen ham oltin mijozlarining soni ikki baravar oshganini ta’kidladi.
Tahlilchilar fikricha, agar inflyatsiya pasaysa yoki siyosiy beqarorlik yumshasa, oltin narxi qisman tushishi mumkin. Biroq foiz stavkalari pasayishi va bozordagi xavfsizlik izlanishi davom etar ekan, oltin hanuz «beqarorlikka qarshi himoya vositasi» bo‘lib qolmoqda.
Oltin narxi oshib borish fonida O‘zbekiston oltin valyuta zaxiralari qariyb 55 mlrd dollarga yetdi.





