
Oltin sotib olish bo‘yicha yetakchi davlatlar e’lon qilindi
Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki uch choragida zargarlik va investitsiya sohalarida oltinga bo‘lgan global talab 2042 tonnani tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi uch choragida zargarlik va investitsiya mahsulotlari bo‘yicha oltinga bo‘lgan global talab 2042 tonna darajasiga yetdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, uning 1047 tonnasi zargarlik buyumlari, 947 tonnasi esa oltinning investitsiya ko‘rinishlariga — ya’ni, quymalar va tangalarga to‘g‘ri kelgan.
Econovis nashri yozishicha, jahon bo‘yicha oltin sotib olishda yetakchi o‘nta davlat orasida Xitoy 591 tonna bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin Hindiston — 462 tonna, AQSH — 109 tonna, Turkiya — 76 tonna, Eron — 58 tonna, Rossiya — 51 tonna, Saudiya Arabistoni — 48 tonna, Tailand — 38 tonna, Vetnam — 37 tonna va Germaniya — 36 tonna ko‘rsatkich bilan ro‘yxatni yakunlaydi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Xitoy va Hindistonning ulushi jahon oltin bozoridagi talabning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi va dunyodagi qimmatbaho metallar bozorining asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi.





