add

Oltin va kumush narxlari keskin pasaydi

30.01.2026 | 14:152 daqiqa

Qimmatbaho metalllar bozorida so‘nggi ikki haftada ilk bor pasayish qayd etildi, bunga dollar mustahkamlanishi asosiy omil bo‘ldi.

Oltin va kumush narxlari keskin pasaydi

30-yanvar kuni jahon bozorlarida oltin narxi to‘rt foizdan ko‘proqqa arzonlab, bir unsiyasi 5 208,93 dollar atrofida baholandi. Bu qimmatbaho metall uchun so‘nggi ikki haftadagi ilk pasayish bo‘ldi. 29-yanvarda oltin 5 500 dollardan oshib, tarixiy rekordni yangilagan edi.

Oltin narxining tushishi, avvalo, AQSH dollari kursining mustahkamlanishi bilan izohlanmoqda. 30-yanvar kuni dollar indeksi 0,5 foizga o‘sdi, bu esa qimmatbaho metallarga investitsiya kiritishni nisbatan qimmatlashtirdi. Natijada, oltin quymalari narxi bir kunda 4,8 foizga pasaydi.

Bozordagi kayfiyatga AQSHdagi pul-kredit siyosatiga doir xabarlar ham ta’sir ko‘rsatdi. Donald Tramp Federal zaxira tizimi rahbarligiga Kevin Uorshni nomzod sifatida ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar investorlar e’tiborini tortdi. U inflatsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan bo‘lsa-da, so‘nggi oylarda foiz stavkalarini pasaytirish tarafdori sifatida chiqish qilgan.

Yil boshidan buyon oltin narxi qancha oshdi?

Yil boshidan beri oltin narxi 20 foizdan ortiqqa oshgan edi. Bunday o‘sish AQSH prezidentining xalqaro savdo va siyosiy munosabatlarga oid keskin bayonotlari, shuningdek, Federal zaxira tizimi mustaqilligiga nisbatan tanqidlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Eronga zarba berish tahdidlari va Kubaga neft yetkazib beruvchi davlatlarga nisbatan boj joriy etish rejalari ham bozorlardagi noaniqlikni kuchaytirdi.

Savdolar yakuniga yaqin, Singapur vaqti bilan 12:05 holatiga ko‘ra, oltin 3,1 foizga arzonlab, 5 208,93 dollardan savdo qilindi. Kumush narxi 4,9 foizga tushib, 110,04 dollar bo‘ldi. Shuningdek, platina va palladiy narxlarida ham pasayish kuzatildi.

Teglar

Mavzuga oid