add

Onlayn ish niqobi ostidagi yana bir moliyaviy piramida fosh etildi

Kecha 20:102 daqiqa

«Kiberxavfsizlik markazi» huzuridagi UZCERT xizmati ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilingan «ML_Share» loyihasi ortida firibgarlik sxemasi borligini aniqladi.

Onlayn ish niqobi ostidagi yana bir moliyaviy piramida fosh etildi

«Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi huzuridagi UZCERT xizmati tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlar orqali faol targ‘ib qilinayotgan «ML_Share» nomli loyiha moliyaviy firibgarlik, ya’ni klassik moliyaviy piramida ekani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu loyiha firibgarlar tomonidan «onlayn ish», «qo‘shimcha daromad», «rasmiy bandlik» kabi jozibador va’dalar orqali fuqarolarni jalb qilish maqsadida targ‘ib qilinmoqda. Dastlab loyiha “stajor” daraja sifatida taqdim etilib, to‘lovsiz ishtirok etish, kuniga 5 ta topshiriq bajarib har biri uchun 1 360 so‘mdan (kuniga 6 800 so‘m) daromad olish va 4 kunlik sinov muddati va’da qilinadi, bu esa fuqarolarda ishonch uyg‘otish maqsadida qo‘llaniladi.

Loyihaga qo‘shilgach, ishtirokchilarga J1 kabi pullik darajalar taklif etilib, masalan 285 600 so‘m to‘lov evaziga kuniga 5 ta topshiriq bajarib har biri uchun 1 904 so‘mdan (kuniga 9 520 so‘m) daromad olish, 30 kunda kiritilgan pulni qaytarish va uzoq muddatda katta foyda topish mumkinligi aytiladi.

Yoki loyihada J3 kabi yuqori pullik darajalar taklif etilib, masalan 11 220 000 so‘m to‘lov evaziga har bir topshiriq uchun 4 800 so‘mdan kuniga 124 800 so‘m, 30 kunda hamda 360 kunda juda katta daromad olish mumkinligi ko‘rsatilib, fuqarolar yirik miqdorda mablag‘ kiritishga undaladi.

UZCERT tekshiruvlari shuni ko‘rsatdiki, ushbu loyiha hech qanday real iqtisodiy faoliyatga ega emas. Ishtirokchilarga to‘lanadigan daromadlar yangi jalb qilingan fuqarolarning pullari hisobidan shakllantiriladi. Bu esa uning moliyaviy piramida ekanini tasdiqlaydi.

Mutaxassislar firibgarlar o‘zlarini «rasmiy ish beruvchi» sifatida ko‘rsatib, qo‘shimcha bonuslar va imtiyozlarni va’da qilish orqali yanada ko‘proq fuqarolarni jalb etishga urinayotganini qayd etmoqda. Fuqarolardan shubhali loyihalarga pul o‘tkazmaslik, ularning huquqiy maqomini oldindan tekshirish va bunday holatlarga duch kelganda vakolatli idoralarga murojaat qilish so‘ralmoqda.

«Hurmatli fuqarolar! Ijtimoiy tarmoqlardagi tez boyish, kafolatlangan daromad, oldindan to‘lov evaziga ish kabi takliflarga ishonmang; Shubhali loyihalarga pul kiritishdan oldin ularning huquqiy maqomini tekshiring; Bunday holatlarga duch kelsangiz, vakolatli tashkilotlarga murojaat qiling; Hech bir qonuniy loyiha kafolatlangan yuqori daromadni oldindan va’da qilmaydi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avval ham onlayn ish va’da qilib, fuqarolardan millionlab pul undirgan firibgarlar fosh etilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid