Logo

Onlayn mikroqarzlar uchun sug‘urta: Markaziy bank banklarga yangi talablar qo‘ydi

Regulyator banklardan onlayn mikroqarz ajratish jarayonida sug‘urta shartlari haqida mijozlarga ochiq va tushunarli ma’lumot taqdim etish, sug‘urta mukofotini qaytarish mexanizmini esa shaffof yo‘lga qo‘yishni talab qildi.

Onlayn mikroqarzlar uchun sug‘urta: Markaziy bank banklarga yangi talablar qo‘ydi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank O‘zbekistondagi tijorat banklariga onlayn mikroqarzlar ajratilishida sug‘urta polislari bo‘yicha mijozlarga to‘liq va tushunarli axborot yetkazilishi, shuningdek, sug‘urta mukofotining qaytarilish tartibini sodda va shaffof tashkil etish vazifasini yuklab, xat yubordi.

Ma’lum qilinishicha, Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan onlayn mikroqarzlar ajratilishi jarayonida sug‘urta polisi uchun sug‘urta mukofoti mijoz hisobidan yoki ajratilayotgan mikroqarz hisobidan ushlab qolinishi, biroq kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilgan taqdirda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining tegishli qismi mijozlarga qaytarilmasligi yoki qaytarish tartibi yetarli darajada sodda va tushunarli tashkil etilmaganligi haqidagi xabarlarni o‘rganib chiqmoqda.

Shu munosabat bilan Markaziy bank onlayn mikroqarzlar va boshqa chakana kredit mahsulotlari bilan bog‘liq holda sug‘urta mahsulotlarini taklif etayotgan tijorat banklari o‘z rasmiy kommunikatsiya kanallarida mazkur masala bo‘yicha pozitsiyasini e’lon qilishi zarurligini bildirdi.

Banklar o‘z rasmiy veb-saytlari, mobil ilovalari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali mijozlarga aniq va tushunarli ma’lumot taqdim etishi lozim.

Banklar mijozlarga nimalarni tushuntirishi kerak?

Markaziy bank talabiga ko‘ra, tijorat banklari avvalo onlayn mikroqarz rasmiylashtirishda sug‘urta mahsuloti taklif qilinishi yoki qilinmasligini ochiq bayon qilishi shart.

Agar sug‘urta taklif etilsa, u mijoz uchun ixtiyoriy xizmatmi yoki kredit olishning majburiy sharti ekani, sug‘urta mukofoti qaysi manba hisobidan to‘lanishi, sug‘urtalovchi tashkilot kimligi hamda bank bu jarayonda kreditor, sug‘urta agenti yoki texnik vositachi sifatida ishtirok etayotgani haqida ma’lumot berilishi lozim.

Shuningdek, kredit muddatidan oldin to‘liq yopilganda sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismi qaytarilishi yoki qaytarilmasligi, qaytarish tartibi, zarur hujjatlar va murojaat qilish usullari ham tushuntirilishi kerak.

Markaziy bank banklarga sug‘urta mukofotini qaytarish jarayonida mavjud muammolarni yashirmaslikni tavsiya qildi.

Agar amaliyotda texnik cheklovlar yoki mijozlar uchun noqulayliklar mavjud bo‘lsa, banklar ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani va bu ishlar qaysi muddatda yakunlanishi haqida ochiq axborot berishi lozim.

Aksincha, agar ijtimoiy tarmoqlardagi holatlar muayyan bank amaliyotiga taalluqli bo‘lmasa, bank buni asoslangan tarzda rad etib, amaldagi tartibni sodda va tushunarli tilda izohlashi kerak.

Markaziy bank tijorat banklaridan mazkur topshiriq ijrosi, e’lon qilingan ma’lumotlar va mijozlarga berilgan tushuntirishlar haqidagi hisobotni 2026-yil 16-iyulga qadar taqdim etishni so‘radi.

Teglar

Mavzuga oid

Onlayn mikroqarzlar uchun sug‘urta: Markaziy bank banklarga yangi talablar qo‘ydi | Vaqt.uz