Oq kit surati yilning eng yaxshisi deb topildi

27.02.2026 | 16:351 daqiqa

Avstraliyalik fotosuratchi tabiatning nodir lahzasini muhrlab, xalqaro tanlovda bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.

Oq kit surati yilning eng yaxshisi deb topildi

World Nature Photography Awards (WNPA) tashkilotchilari 2026 yil g‘oliblarini e’lon qildi. Tanlovning eng yuqori mukofoti — «Tabiat fotosurati bo‘yicha yil suratchisi» unvoni avstraliyalik Jono Allenga nasib etdi. U oq gorbat kit va uning bolasi aks etgan ta’sirli portreti bilan hakamlarning yuksak bahosini oldi.

Mazkur kadr «Suvostida suratga olish» nominatsiyasida ham oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hakamlar hay’ati suratni tabiatning nozik va kamyob lahzasini mahorat bilan ifoda etgan asar sifatida baholagan.

Tanlov haqida

2026 yilgi musobaqada olti qit’adagi 51 mamlakatdan fotosuratchilar ishtirok etdi. Ular yovvoyi tabiatga bag‘ishlangan minglab ishlarini taqdim qildi. Musobaqada fotosuratchilar 14 ta yo‘nalishda bellashdi. Har bir nominatsiyada oltin, kumush va bronza medallari topshirildi. Jami 42 ta ish taqdirlandi.

Mukofot hamta’sischisi Adrian Dinsdale har yili tanlov ko‘lami, ishtirokchilar geografiyasi va ishlar saviyasi ortib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda ta’sis etilgan mukofot nafaqat eng yaxshi tabiat suratlarini ommalashtirish, balki insonlarni atrof-muhit bilan yanada chuqur bog‘lanishga ilhomlantirishni maqsad qilgan.

G‘oliblar e’lon qilinishi bilan birga WNPA 2027 tanloviga arizalar qabul qilish ham rasman ochildi. Fotosuratchilar o‘z ishlarini 2026 yil 30-martgacha taqdim etishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid