Logo

Oq uy COVID-19 Uxandagi laboratoriyadan tarqalganini da’vo qilmoqda

Kecha 09:002 daqiqa

Surishtiruvda ta’kidlanishicha, virus tabiiy bo‘lmagan xususiyatlarga ega va Uxandagi laboratoriya xodimlari kasallik tarqalishidan oldin, 2019 yilning kuzidayoq kasallangan.

Oq uy COVID-19 Uxandagi laboratoriyadan tarqalganini da’vo qilmoqda

AQSH hukumati Vakillar palatasining koronavirus pandemiyasi bo‘yicha qo‘mitasi xulosalariga tayanib, COVID-19 Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqqan degan xulosani ilgari surmoqda. Shuningdek, niqob va masofalashuv kabi cheklovlar yetarli ilmiy asosga ega bo‘lmagani iddao qilingan. Bu haqda Oq uyning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan hisobotda aytiladi.

Kongress surishtiruvidagi 5 ta asosiy dalil va laboratoriya nazariyasi

Hujjatga ko‘ra, AQSH Kongressi surishtiruvida virusning laboratoriyadan sizib chiqqanini ko‘rsatuvchi quyidagi 5 ta asosiy dalil keltirilgan:

1. Oq uy da’vosicha, virus tabiatda uchramaydigan biologik xususiyatlarga ega.

2. Ma’lumotlar barcha COVID-19 holatlari odamga faqat bir martalik yuqishdan (infeksiya o‘tishidan) kelib chiqqanini ko‘rsatmoqda. Ta’kidlanishicha, bu virusning hayvondan odamga ko‘p marta o‘tishi kuzatilgan avvalgi pandemiyalarga ziddir.

3. Uxanda Xitoyning SARS bo‘yicha yetakchi tadqiqot laboratoriyasi joylashgan. AQSH tomoniga ko‘ra, ushbu markaz yetarli bo‘lmagan biologik xavfsizlik sharoitida virus funksiyalarini kuchaytirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish tarixiga ega.

4. Qo‘mita ma’lumotlarida 2019 yilning kuzida, COVID-19 bozorda aniqlanishidan bir necha oy oldin Uxan virusologiya instituti (WIV) tadqiqotchilarida Kovidga o‘xshash simptomlar kuzatilgani aytiladi.

5. Hisobotda qayd etilishicha, deyarli barcha ilmiy mezonlarga ko‘ra, agar virusning tabiiy kelib chiqishiga doir dalillar bo‘lganida, ular allaqachon yuzaga chiqqan bo‘lardi, ammo bunday dalillar yo‘q.

Shuningdek, hujjatda AQSHning sobiq bosh infeksionisti doktor Entoni Fauchi virusning tabiiy kelib chiqishi haqidagi qarashni ilgari surish uchun sog‘liqni saqlash rasmiylarini va OAVni undagani ta’kidlanadi.

Bundan tashqari, «EcoHealth Alliance» tashkiloti AQSH soliq to‘lovchilarining pullaridan Uxanda xavfli tajribalar o‘tkazishda foydalangani iddao qilinmoqda. Hozirda bu holat bo‘yicha AQSH Adliya vazirligi (DOJ) tergov boshlagani aytilgan.

Tergovga to‘sqinlik va JSST faoliyatiga baho

Hisobotda AQSH Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish departamenti (HHS), Milliy sog‘liqni saqlash institutlari (NIH) va Nyu-York ma’muriyati tergov ishlariga qasddan to‘sqinlik qilgani da’vo qilingan. Xususan, doktor Fauchining sobiq maslahatchisi Devid Morens federal hujjatlarni noqonuniy ravishda o‘chirib tashlagani va Kongressga yolg‘on ko‘rsatma bergani ta’kidlangan.

AQSH tomonining da’vo qilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) pandemiyaga qarshi harakatlari ham muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Tashkilot Xitoy Kommunistik partiyasi bosimiga yon berib, o‘zining xalqaro majburiyatlarini bajara olmagani hamda yangi «Pandemiya shartnomasi» AQSHga zarar keltirishi mumkinligi bildirilgan.

Teglar

Mavzuga oid