
Oq uy rasmiysi nomidan yolg‘on xabarlar tarqatildi
30.05.2025 | 21:209843
Syuzan Uaylz telefoniga qilingan kiberhujum AQSH rasmiylarini hushyorlikka chorladi

Oq uy apparati rahbari Syuzan Uaylzning telefoniga xakerlar tomonidan buzib kirildi. Ular Uaylz nomidan senatorlar, gubernatorlar va yirik biznesmenlarga yolg‘on xabarlar yuborib, telefon qo‘ng‘iroqlari amalga oshirgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uaylz AQSH prezidenti Donald Trampning yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lib, avvalroq uning saylovoldi kampaniyasini boshqargan. Xakerlar uning telefonini nazoratga olish orqali mamlakatdagi nufuzli shaxslar bilan bevosita aloqaga chiqish imkoniga ega bo‘lgan.
Uaylz nomidan yuborilgan ba’zi xabarlarda pul o‘tkazmalari va afv etilishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini yuborish so‘ralgan. Xakerlar, ehtimol, sun’iy intellekt vositasida Uaylz ovozini taqlid qilgan holda qo‘ng‘iroqlar qilgan. Yolg‘on xabarlarda grammatik xatolar va uning uslubiga xos bo‘lmagan iboralar mavjud bo‘lgani sababli, qabul qiluvchilarda shubha uyg‘otgan.
Hozirda mazkur kiberhujum yuzasidan FQB va Oq uy maxsus tergov olib bormoqda. Tergovchilar ayni paytda hujum ortida xorijiy davlat borligini tasdiqlovchi aniq dalillar mavjud emasligini ma’lum qilgan.
Syuzan Uaylz o‘z vakolatlari va rasmiy salohiyati bilan Tramp ma’muriyatida muhim rol o‘ynayotgan shaxs sifatida ko‘rilar edi. Shu bois unga qilingan hujum AQSH rasmiy doiralarida jiddiy xavotir uyg‘otgan.





