
Oq uyning bir qismi buzib tashlanyapti
Hukumatning harbiylar va politsiya xodimlariga ham maosh to‘lashga mablag‘i yo‘q bir vaqtda Tramp 250 million dollarlik raqs zali qurmoqchi.

Vashingtonda Donald Tramp «o‘z mablag‘lari hisobidan» qurishni va’da qilgan yangi bal zali uchun joy bo‘shatish maqsadida Oq uyning Sharqiy qanotini qisman buzish boshlandi. Bu ishlar ijtimoiy tarmoqlardagi masxaralardan tortib «tarixiy binoni tahqirlash» ayblovlarigacha bo‘lgan tanqid to‘lqinini keltirib chiqardi.
Vaziyatni yanada shov-shuvli qiladigan narsa shuki, AQSH uchinchi haftadan beri shatdaun holatida: hukumatning harbiylar va politsiya xodimlariga ham maosh to‘lashga mablag‘i yo‘q. Aynan shu paytda Tramp bal zalini qurishga qaror qildi.
The Washington Post (WP) ma’lumotlariga ko‘ra, demontaj allaqachon boshlanib ketgan: suratda buzilgan tashqi devorlar va qurilish texnikasi ko‘rinib turibdi. Gazetaning yozishicha, ishchilar prezident Franklin Ruzvelt davrida 1942 yilda qurilgan tarixiy devorlarni allaqachon buzib tashlashgan. Oq uy matbuot xizmati izoh berishdan bosh tortdi.
«Men bu zarur loyihani boshlagan birinchi prezident bo‘lganimdan faxrlanaman - soliq to‘lovchilarning bir tiyini ham sarflanmadi!» - deya yozdi Tramp Truth Social’da.
Uning aytishicha, zal «saxiy vatanparvarlar, Amerikaning buyuk kompaniyalari va shaxsan o‘zim» tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Qurilishning tantanali ochilish marosimi yozda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda Tramp zalning maydoni taxminan 8,3 ming kvadrat metr va sig‘imi 650 kishigacha bo‘lgan «mamlakatdagi eng chiroyli» zalga aylanishini va’da qilgandi. Loyiha 250 million dollarga baholanib, prezidentning ikkinchi muddati oxirigacha - 2029 yil yanvarigacha yakunlanishi kerak.
Trampning ta’kidlashicha, yangi bino «eski Oq uyga tegmaydi» va uning arxitekturasini to‘liq «hurmat qiladi». Ammo fotosuratlar shuni ko‘rsatadiki, bino ko‘rinishining bir qismi allaqachon sezilarli darajada o‘zgargan - oxirgi marta bunday katta qayta qurish 1942 yilda, yuqorida tilga olingan prezident Ruzvelt davrida bo‘lgan edi. U Oq uyni 1902 yilda mavjud bo‘lgan qo‘shimcha binoga kichik korpus qo‘shib, Sharqiy qanotni umumiy ansambliga ehtiyotkorlik bilan kiritib kengaytirgan edi.
O‘tgan hafta Tramp yirik donorlar uchun kechki ziyofat uyushtirdi — mehmonlar orasida Amazon, Apple, Meta, Google, Microsoft, Palantir va Lockheed Martin vakillari bor edi. U Sharqiy zal derazasidan ularga qurilish maydonini ko‘rsatdi va yangi bal zali o‘q o‘tkazmaydigan bo‘lishini hamda inauguratsiya marosimini o‘tkazish bilan birga mingtagacha odamni sig‘dira olishini va’da qildi.
Loyihaga munosabat keskin bo‘ldi. Sobiq respublikachi kongressmen Jo Uolsh qurilishni «to‘liq tahqirlash» deb atadi.
«Agar men 2028 yilda prezidentlikka saylanib qolsam, bu xunuk zalni o‘zim va xalq bilan birgalikda, bolg‘alar yordamida buzishdan boshlayman», - dedi u.
Demokrat Mark Takano shatdaun paytida Oq uyda xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday qurilish ishlarini taqiqlovchi qonun loyihasini taklif qildi.





