
O‘rmon agentligi FVV rad etgan Bo‘stonliqdagi yong‘inni tasdiqladi
21.09.2025 | 13:3038853
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurash agentligi 20 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yongin sodir bo‘lganini tasdiqladi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yongin taxminan soat 13:00 da Yakkatut qishlog‘i yaqinidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida kelib chiqqan. Hodisa joyiga o‘rmon xo‘jaligi mas’ullari, 40 dan ziyod ishchi-xodim, mahallaning 10 nafar ixtiyoriy qutqaruvchisi hamda tuman IIB xodimlari jalb etilgan. Ular tomonidan yongin soat 14:40 ga kelib to‘liq o‘chirilgan.
Yongin natijasida qariyb 1,5 gektar yer maydonida qurib qolgan o‘tlar yonib ketgan. Sabab sifatida Yakkatut qishlog‘i aholisi, 1956 yilda tug‘ilgan fuqaro S.D.ning ichimlik suvi metall quvurini payvandlashda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmagani ko‘rsatilmoqda.
Mazkur shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84-moddasi 3-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Qonunga ko‘ra, o‘rmonlarda yongin xavfsizligi talablarini buzish oqibatida yong‘in kelib chiqqan taqdirda, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10–15 baravari (4 mln 120 ming so‘mdan 6 mln 180 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 20–25 baravari miqdorida jarima qo‘llanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati FVB Bo‘stonliqdagi yong‘in bo‘lmagan va ma’lumotlar eski deb munosabat bildirgan. Keyinroq FVV matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqov Vaqt.uz jurnalisti bilan bog‘lanib, vaziyatga izoh bergan (https://vaqt.uz/2025/09/20/toshkent-viloyati-fvb-bostonliqdagi-yonghin-boyicha-yolghon-axborot-bermoqda/).





