
Osiyoda iPhone’ga talab ortishi Apple daromad prognozini oshirdi
Osiyo bozorlarida talab kuchayishi Apple’ga 2026 moliyaviy yili boshida yuqori o‘sishni prognoz qilish imkonini berdi.

Apple 2026 moliyaviy yilning ikkinchi choragi uchun daromad o‘sishi 13–16 foizni tashkil etishini prognoz qildi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Kompaniyaning bunday kutilgandan yuqori prognozi iPhone’larga bo‘lgan kuchli talab, ayniqsa Xitoy va Hindiston bozorlaridagi keskin tiklanish bilan izohlanmoqda. Apple rahbari Tim Kuk yangi smartfonlarga bo‘lgan talabni «juda yuqori» deya baholadi.
Dekabr oyi bilan yakunlangan moliyaviy birinchi chorakda kompaniya iPhone 17 modellari hisobiga asosiy bozorlarda savdoni oshirib, investorlarning apparat sotuvlari to‘xtab qolishi haqidagi xavotirlarini kamaytirdi. Bu davrda Apple aksiyalari hisobot e’lon qilinganidan so‘ng qisqa vaqt ichida o‘sishni qayd etdi.
Daromadlar dinamikasi
Apple’ning birinchi chorakdagi umumiy daromadi 143,8 mlrd dollarga yetdi va yillik hisobda 16 foizga o‘sdi. iPhone sotuvlari esa 85,27 mlrd dollarga chiqib, tahlilchilar kutgan ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘ldi. Kompaniya yalpi marjani 48–49 foiz darajasida saqlab qolishni rejalashtirmoqda, biroq xotira mikrosxemalari tanqisligi ikkinchi chorakda bosimni kuchaytirishi mumkin.
Apple rahbarining ta’kidlashicha, Apple protsessorlarini ishlab chiqaruvchi TSMC bilan bog‘liq ta’minot cheklovlari iPhone ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, kompaniya xotira mikrosxemalari narxining o‘sishiga moslashish uchun turli variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
Xitoy va Hindistonda talabning o‘sishi
Katta Xitoy bozorida Apple daromadi 38 foizga oshib, 25,53 mlrd dollarga yetdi. Bu mahalliy raqobat va tartibga solish bosimiga qaramay, iPhone’lar ushbu bozorda rekord savdoga erishganini ko‘rsatadi. Hindistonda ham talab tez sur’atda oshmoqda.
Shu bilan birga, xotira mikrosxemalari bozoridagi tanqislik «Samsung Electronics» va «SK Hynix» tomonidan ham tasdiqlanib, bu holat smartfon ishlab chiqaruvchilar marjasiga bosim o‘tkazishi mumkinligi aytildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil davomida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy IT-kompaniyalar orasida eng ko‘p soliq to‘lagani Apple (49,5 mlrd so‘m) bo‘lgan.





