add

Oson fintex holdingi Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga kirmoqda

18.10.2025 | 08:1817782

Oson 2025–2026 yillarda Tojikiston va Qirg‘izistondagi loyihalariga 5 mln dollar investitsiya kiritadi. Qirg‘izistonda kompaniya ilk bor kriptovalyuta bilan ishlaydigan servislarini yo‘lga qo‘yadi.

Oson fintex holdingi Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga kirmoqda
O‘zbekistonning Oson fintex-holding Markaziy Osiyo bozorlarida faoliyatini kengaytirayotganini ma’lum qildi. Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xolding Tojikiston va Qirg‘izistonda o‘z servislarini ishga tushirmoqda. Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Plus Forum xalqaro anjumanida Oson mamlakatda to‘liq ekotizim yaratish rejasini e’lon qildi. Xolding Humo Bank, Vasl Bank va bir nechta mahalliy fintex-startaplar bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. 2025–2026 yillarda kompaniya ushbu ikki davlatdagi aktivlarga jami 5 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritadi. Mablag‘lar marketing, mahalliy jamoalarni rivojlantirish va ijtimoiy loyihalarga yo‘naltiriladi. Tojikistonda holdingning faoliyatini EasyPay savdo belgisi ostidagi Oson SEOsi Jahongir Aminjon boshqarmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bosqichda elektron hamyon, to‘lov tizimi va bir nechta iste’molchi servislarini o‘z ichiga olgan kompleks ekotizim ishga tushiriladi. «Bungacha biz agregator sifatida boshqa to‘lov tizimlari bilan ishlagan bo‘lsak, endilikda to‘liq fintex-xolding formatiga o‘tmoqdamiz. Tojikiston transchegaraviy to‘lovlar rivojida strategik qadamdir», — dedi u. Holding asoschisi va bosh direktori Farhod Mahmudovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda fintex sohasi yangi bosqichga — lokal loyihalardan integratsiyalashgan ekotizimlarga o‘tish davriga kirdi. «Fintex endilikda alohida servis emas, balki butun infratuzilmaning muhim qismiga aylanmoqda», — dedi u. Qirg‘izistonda esa Oson alohida operatsion kompaniya ochish niyatida. Hozirda tashkilot to‘lov tizimi uchun litsenziya olish jarayonida. Shuningdek, holding tarixida ilk bor kriptoaktivlar bilan ishlaydigan yangi servislarni joriy etmoqda. Mahmudovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Markaziy Osiyo bo‘ylab ekspansiyani yaqin oylarda yakunlashni rejalashtirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Oson fintex holdingi Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlariga kirmoqda | Vaqt.uz