
Ostonadan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yildi
15.10.2025 | 19:4011763
Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi noyabr oyidan Ostona va Samarqand shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi.

Qazaq Air aviakompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 noyabrdan boshlab Samarqandga (juma va yakshanba kunlari), 10 noyabrdan esa Bishkekka (dushanba va payshanba kunlari) parvozlar amalga oshiriladi. Reyslar haftasiga ikki marta bajariladi.
Ostonadan uchish soat 10:30 da, Samarqandga yetib kelish 13:30 da belgilangan. Qaytish yo‘nalishda Samarqanddan parvoz soat 14:20 da amalga oshirilib, Ostonaga 17:25 da yetib kelinadi.
Qazaq Air boshqaruvi raisi Adilbek Umraliyevning ta’kidlashicha, yangi havo yo‘nalishlari yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratib, mintaqadagi ishbilarmonlik, turizm va madaniy hamkorlikni rivojlantiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reyslar nafaqat tadbirkorlar, balki talabalar va sayyohlar uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Qazaq Air 2015 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2018 yildan xalqaro IOSA xavfsizlik standarti sertifikatiga ega. Kompaniyani uch marta sotishga urinishgan, 2024 yilda esa Vetnamning SOVICO Group kompaniyasi tomonidan xarid qilingan.
Bitim shartlariga ko‘ra, xaridor kompaniyaning 38 milliard tengelik qarzini qoplashi va besh yil ichida kamida 20 ta yangi samolyot yetkazib berishi lozim. Qazaq Air umumiy qiymati 10 milliard tengega (taxminan 21,7 million dollar) baholangan.





