
«Otam O‘zbekistonni fuqarolar urushi va Suriya taqdiri boshiga tushishidan asrab qoldi» — Lola Karimova
03.09.2025 | 20:4039886
Islom Karimovning kenja qizi otasini xotirlab ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga video joyladi. Murojaat tafsilotlarini batafsil quyida bilib olishingiz mumkin!

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayevaning aytishicha, Islom Karimov nomini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, bo‘htonli intervyular, yoki turli «trollar» faoliyati kuzatilmoqda. Bu haqda Karimovaning o‘zi otasi vafotining 9 yilligi munosabati bilan Instagram’ga joylagan videomurojaatida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident O‘zbekistonni fuqarolar urushiga tushib qolishidan, Yaqin Sharq, Suriya va boshqa qo‘shni mamlakatlar boshidan kechirayotgan fojialardan omon saqlab qolgan.
«Eng avvalo, men barcha insonlarga bugun bizning birinchi prezidentimizni muhabbat, iliqlik, yaxshilik va minnatdorlik bilan yodga olishayotgani uchun minnatdorlik bildiraman. Har biringizdan minnatdorman. Bilaman, bugun ko‘pchilik mendan odatdagi kabi shaxsiy bir hikoya kutmoqda. Ishonchim komilki, bu siz kutgan hikoya bo‘ladi. Lekin hozircha uni aytib berishga tayyor emasman, chunki u hali davom etmoqda. Faqat shuni aytmoqchimanki, hatto, shaxsiy hayotimga doir maslahatlarida ham otam naqadar haq bo‘lganini bugun yanada chuqurroq anglamoqdaman. Bu hikoyani balki keyingi safar so‘zlab berarman», - degan Lola Karimova-Tillyayeva.
U otasining qilgan ishlari, xotirasini, O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida, ya’ni 1990 va 2000 yillar boshida tutgan yo‘lini, dono va uzoqni ko‘ra bilgan siyosatini yodga olmoqchiligini bildirdi.
«Bugun butun dunyoga nazar tashlab, uning ko‘p masalalarda naqadar haq bo‘lganini anglab yetmoqdaman. Ko‘pchilik fikrimga qo‘shilsa kerak. Yana shuni ta’kidlamoqchimanki, tez-tez bo‘lmasa-da, ammo axborot maydonida uning siyosatini, o‘tmishini kamsitishga urinishlar kuzatilmoqda Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston bosib o‘tgan yo‘ldagi ahamiyatini unuttirmoqchi bo‘lishmoqda. Bugun, men qat’iy ishonch bilan aytamanki birinchi prezidentimiz O‘zbekistonni ichki urushlardan, to‘qnashuvlardan asrab qolgan. Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlar, jumladan, Suriya yoki boshqa qo‘shni yurtlar boshidan kechirgan fojialar O‘zbekistonni chetlab o‘tgan bo‘lsa, bu aynan uning dono siyosati va qat’iyatli rahbarligi sabab bo‘lgan. Buning uchun unga minnatdorlik bildirishga haqlimiz. Bu faqat mening fikrim emas, deb o‘ylayman», degan u.
Lola Karimova-Tillyayevaga ko‘ra, Islom Karimov nomini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, bo‘htonli intervyular, yoki turli «trollar» faoliyati uchrab turibdi.
«Men tez-tez unga qarshi hujumlarni, buyurtma asosida berilgan bo‘htonli intervyularni va uni qoralashga urinayotgan «trollar» faoliyatini kuzataman. Biroq bular negadir juda kulgili ko‘rinadi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni ortga qaytarib bo‘lmaydi. U O‘zbekiston tarixida o‘z rolini o‘ynadi. Uni turli nuqtai nazardan baholash mumkin. Ammo, eng asosiysi, uning qilgan ishlari – O‘zbekistonni bugungi kunga olib keldi», - dedi sobiq prezidentning qizi.
«Bugun yana bir bor barchangizga minnatdorchilik bildiraman, uni ezgu xotira bilan eslayman, vafot etganiga 9 yil to‘lgani munosabati bilan otam uchun duo qilaman», - deya qo‘shimcha qildi Lola Karimova-Tillyayeva.





