add

O‘tgan yildan 40 foizga arzonlagan bitkoin: bu ishonch inqirozimi?

Kecha 13:552 daqiqa

Bitkoin narxi 76 ming dollardan pastga tushib ketdi – bu 2025 yil aprelidan beri birinchi bor kuzatildi. Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta qiymati o‘tgan yilgi cho‘qqisi – 126 ming dollardan yuqori darajadan qariyb 40 foizga pasaygan.

O‘tgan yildan 40 foizga arzonlagan bitkoin: bu ishonch inqirozimi?

Dam olish kunlari likvidlik past bo‘lgan sharoitda bitkoin narxi 76 ming dollardan pastga tushib ketdi – bu 2025 yil aprelidan beri birinchi bor kuzatildi. Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta qiymati o‘tgan yilgi cho‘qqisi — 126 ming dollardan yuqori darajadan qariyb 40 foizga pasaygan. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Yanvar oyini bitkoin qariyb 11% minus bilan yakunladi. Kriptovalyuta to‘rt oy ketma-ket arzonlamoqda – bunday uzoq davom etgan pasayish 2018 yildan beri kuzatilmagan.

«Bloomberg»ning yozishicha, joriy sotuv to‘lqini o‘ziga xos: u sarosima bilan emas, balki xaridorlar, impuls va ishonch yetishmasligi bilan bog‘liq. Agentlikka ko‘ra, oktabrdagi keskin qulashdan farqli o‘laroq, bitkoinning hozirgi pasayishi uchun aniq trigger pozitsiyalarning zanjirli likvidatsiyasi yoki tizimli shok bo‘lmagan.

Bitkoin geosiyosiy keskinlikka ham, dollar zaiflashuviga ham, riskli aktivlar rallisiga ham deyarli reaksiya qilmadi. Oxirgi haftalarda oltin va kumush narxlari keskin tebranganiga qaramay, kriptovalyutalarda hech qanday rotatsiya kuzatilmadi.

Yana bir e’tiborli jihat – ijtimoiy tarmoqlarda bitkoinga nisbatan optimizmning deyarli yo‘qligi. «Bloomberg» yozishicha, bu gal pasayish odatdagidek qo‘llab-quvvatlovchi izohlar va «pasayishda sotib olish»ga chaqiriqlarsiz qarshi olindi. Maqolada qayd etilishicha, Donald Tramp ma’muriyati tomonidan bildirilgan qo‘llab-quvvatlash va institutsional investitsiyalar o‘sishi ham bozorga yordam bermayapti. Ko‘p investorlar Trampning hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq optimizm avvaldanoq narxlarda inobatga olingan, deb hisoblaydi.

Ommaviy investorlar tomonidan ishonchning pasayganini bitkoin bo‘yicha spot-ETFlardagi chiqimlar ham ko‘rsatmoqda. Zaxiralarini kriptovalyutaga o‘tkazishga qaror qilgan kompaniyalar kabi yirik o‘yinchilar ham xaridlarni qisqartirgan. «Kaiko» ma’lumotlariga ko‘ra, hozir bitkoin bozorining «chuqurligi» – ya’ni yirik bitimlarni narxga jiddiy ta’sir qilmasdan o‘zlashtirish qobiliyati – oktabrdagi cho‘qqidan 30 foizdan ko‘proq past. Likvidlik oxirgi bor 2022 yilda FTX kriptobirjasi qulaganidan keyin bunday darajaga tushgan edi.

Tahlilchilar nima deydi?

«Kaiko» tahlilchisi Laurens Fraussenning so‘zlariga ko‘ra, bozorning sezilarli tiklana boshlanishi uchun olti oydan to‘qqiz oygacha vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

«Men bitkoin 2026 yilda yangi tarixiy maksimumni ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman», – dedi market-meyker «Wincent» kompaniyasi direktori Pol Xovard.

«Ferro BTC Volatility Fund» jamg‘armasi asoschisi Richard Xojes esa yirik bitkoin egalari sabr qilishlari kerak, demoqda .

«Men ko‘plab bitkoin “kitlari” bilan muloqot qilaman va ularga ochiqchasiga aytaman: yaqin ming kun ichida yangi tarixiy maksimumni ko‘rmaysizlar», – dedi Xojes.

«Bloomberg» eslatishicha, bitkoinga 2021 yildagi eng past ko‘rsatkichdan (o‘shanda narx qariyb 69 ming dollarga yetgan edi) keyin tiklanish uchun 28 oy kerak bo‘lgan. 2017 yildagi «ICO» bumidan keyin esa deyarli uch yil. Shu mezonlardan kelib chiqib, agentlik xulosasiga ko‘ra, joriy pasayish hali erta bosqichda bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid