Oyga olib chiqilgan SSSR bayrog‘i auksionda 80 ming dollarga sotildi
Bayroqda ko‘k marker bilan «Apollon–11’da Oyga chiqdim» degan esdalik yozuvi bor.
© Sotheby'sSotheby’s auksionida 1969-yil iyul oyida «Apollon-11» missiyasi bilan Oyga parvoz qilgan astronavt Bazz Oldrin o‘zi bilan olib borgan SSSRning mitti bayrog‘i 80 ming dollarga sotildi. Bu haqdagi ma’lumot auksionning rasmiy saytida e’lon qilindi.
Lotning yakuniy sotuv narxi mutaxassislar tomonidan berilgan dastlabki baholardan ancha yuqori bo‘ldi. Taxminan 10×15 santimetr o‘lchamdagi bayroq Oldrinning «Kolumbiya» qo‘mondonlik modulidagi shaxsiy buyumlari orasida bo‘lgan. Sotheby’s ma’lumotlariga ko‘ra, astronavt SSSR ramzini o‘z inventariga diplomatik ishora hamda Oyga qo‘nish butun insoniyatning yutug‘i ekanini ifodalovchi ramziy belgi sifatida kiritgan.
NASA’da kosmik missiyalar vaqtida turli davlatlarning, jumladan, AQSHning geosiyosiy raqiblari hisoblangan mamlakatlarning ham mitti bayroqlarini o‘zi bilan olib uchish an’anasi mavjud bo‘lgan. Bu ezgu niyat va o‘zaro hurmat ramzi sifatida qaralgan.
Qizil bayroqda ko‘k marker bilan «Apollon–11’da Oyga chiqdim» degan esdalik yozuvi bor. To‘liq haqiqiyligini ta’minlash uchun lotga Oldrinning yozma tasdiqnomasi ilova qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimovga tegishli mol-mulklar orasidagi samuray qilichi ikkinchi urinishda auksionda 1,5 million tengega (taxminan 3 237 dollar) sotilgandi.





