
Ozarboyjon «C5+1» formatiga qo‘shilishi mumkin
Mamlakat AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi uchrashuvlarda allaqachon faol ishtirok etmoqda.

Vashington shahrida o‘tkazilgan «Hamkorlikning o‘n yilligi: C5+1 formatini nima kutmoqda?» nomli tadbirda AQSHning sobiq diplomati va «Caspian Policy Center» boshqaruvi raisi Richard Hogland Ozarboyjonni «C5+1» muloqot formatiga qo‘shish g‘oyasini ilgari surdi.
«Men C5 davlatlari shu hafta Vashingtonda, ertangi sammit paytida muhokama qilishlarini umid qilgan bitta taklifni kiritmoqchiman. Gap C5 formatini xalqaro tashkilot sifatida rasmiylashtirish haqida bormoqda. Yoki, ehtimol, C6 deb aytish to‘g‘riroq bo‘lar, chunki Ozarboyjon C5 ning barcha uchrashuvlarida tobora faol ishtirok etmoqda», — dedi Hogland.
Hogland bu tashabbusni Janubi-Sharqiy Osiyodagi ASEAN va Boltiq kengashining tashkil etilishiga o‘xshatdi: «Xalqaro tashkilot jahon miqyosida ko‘proq ta’sir kuchiga ega bo‘ladi».
Diplomatning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlariga «qo‘shni davlatlar — Rossiya, Xitoy, Eron va Afg‘oniston, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va AQSH kabi uzoqroq sheriklar bilan samarali munosabatlarni yo‘lga qo‘yish juda ahamiyatli. C5 mamlakatlari bu vazifani muvaffaqiyatli uddalamoqda, har biri o‘ziga xos tarzda».





