
Ozarboyjon va Armaniston yetakchilari Tramp huzurida sulhni e’lon qiladimi?
06.08.2025 | 16:4044023
8 avgust kuni Oq uyda bo‘ladigan uchrashuvda Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan rasman tinchlik kelishuvini e’lon qilishi mumkin.

The Washington Post nashrining yozishicha, 8 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni Oq uyda qabul qiladi. AQSH rasmiylari manbasiga ko‘ra, mazkur uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida uzoq yillar davom etgan nizolarga barham berish maqsadida tinchlik kelishuvi e’lon qilinishi mumkin.
Rasman tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Nikol Pashinyan 7–8 avgust kunlari Vashingtonga tashrif buyuradi. Armaniston hukumati bayonotida qayd etilishicha, mazkur uchrashuv «mintaqada tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash uchun muhim qadam» hisoblanadi.
Ozarboyjon va Armaniston 2023 yildan buyon tinchlik kelishuvi ustida muzokara olib bormoqda. Bu jarayon Boku hukumatining Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytarish bo‘yicha o‘tkazgan harbiy amaliyotidan so‘ng boshlangan. 2025 yil mart oyida tomonlar kelishuv loyihasi bo‘yicha kelishib olgan, ammo rasmiy bayonot berilmagandi.
2025 yil iyul oyida ham ikki davlat yetakchilari BAAda uchrashuv o‘tkazgan, ammo natijalar ochiqlanmagan. Endi esa Vashingtondagi uchrashuv xalqaro e’tibor markazida turibdi. Donald Trampning bevosita ishtirokida bo‘ladigan bu muzokaralar Qafqaz mintaqasidagi uzoq yillik qarshilikni bartaraf etishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar rasman tinchlik kelishuvi e’lon qilinsa, bu nafaqat ikki davlat uchun, balki butun mintaqa xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligi uchun strategik burilish nuqtasi bo‘ladi.





