O‘zbek oilalarini ko‘chib o‘tishga chaqirgan Lukashenko, lavozimi o‘zgargan Sardor Umrzoqov va narxi sun’iy oshirilgan dorilar — 10-iyul dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Lukashenko o‘zbek oilalariga Belarusga borib yashashni taklif qildi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘zbekistonliklarni oilalari bilan Belarusga ko‘chib borib, u yerda yashash va ishlashga chaqirdi. Uning aytishicha, mamlakatda resurslar yetarli, ammo ayrim sohalarda ishchi kuchi yetishmaydi.
Lukashenko O‘zbekistonda suv va yer bilan bog‘liq muammolar borligini ta’kidlab, Belarusda bunday resurslar mavjudligini aytdi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mehnat migratsiyasi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston 2026 yilda Rossiyadan 10 mlrd kub metrdan ortiq gaz import qilishi mumkin
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga quvur orqali yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmi 2026 yilda qariyb 50 foizga oshib, 10 mlrd kub metrdan ortishi mumkin. Rossiya gazi Qozog‘iston orqali «Markaziy Osiyo — Markaz» quvur tizimi yordamida yetkazib berilmoqda.
2025 yilda Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymati $1,65 mlrdni tashkil etgan. Pul ko‘rinishidagi pasayishga qaramay, Rossiyadan xarid qilingan gaz hajmi 14,9 foizga oshib, 6,48 mlrd kub metrga yetgan. 2026 yilning yanvar–may oylarida esa gaz xaridlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84,1 foizga ko‘payib, $724,7 mlnni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning tabiiy gaz eksporti kamayishda davom etmoqda. 2026 yilning dastlabki besh oyida eksport hajmi 29,6 foizga qisqarib, $202,9 mlnga tushgan. Rejaga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatda gaz qazib olish hajmini 48,5 mlrd kub metrga yetkazish prognoz qilinmoqda.
Raqobat qo‘mitasi 237 ta dorixona dori narxlarini oshirib qo‘llaganini aniqladi
Raqobat qo‘mitasi 2026 yilning II choragida 237 ta dorixona dori vositalarini belgilangan me’yordan yuqori ustama bilan sotganini aniqladi. Ularning 33 tasi ulgurji, 204 tasi esa chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi dorixonalar hisoblanadi.
Tekshiruvlar davomida 148 810 ta qoidabuzarlik holati qayd etilib, dorixonalar 1,9 mlrd so‘m asossiz daromad olgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mablag‘lar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Jamoat transportlarida ATTO kartalaridan foydalanish kamaymoqda
2026 yilning birinchi yarmida ATTO transport kartalari orqali 88 mln 709 mingta to‘lov amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27 mln 785 mingtaga yoki 24 foizga kam bo‘lib, kartalarning umumiy to‘lovlardagi ulushi 35 foizdan 22 foizga tushdi.
Shu bilan birga, jamoat transportida umumiy naqdsiz to‘lovlar o‘sishda davom etmoqda. Iyun oyida bank kartalari orqali 44,4 mlndan ortiq tranzaksiya amalga oshirilib, o‘tgan yilga nisbatan 62 foizga ko‘paydi. Umumiy to‘lov tranzaksiyalari esa 63,6 mlntani tashkil etgan.
Shaxmat donalarining o‘rni almashdi. Kim qayerga ishga o‘tdi?
O‘zbekistonda bir qator yuqori lavozimlarda kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. Sardor Umrzoqov prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilib, Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori etib tayinlandi.
Shuningdek, Muzaffar Komilov prezidentning diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Zulayho Mahkamova bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Dilnoza Kattaxanova tayinlandi. Prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili lavozimi esa Hasan Solixovga topshirildi.





