O‘zbekiston 2027-yilda boyroq davlatlardan biriga aylanadi
2027-yilda mamlakatda kishi boshiga YAIM 5 ming dollardan oshishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonga yuqori-o‘rta daromadli davlatlardan biriga aylanish imkonini beradi. Yuqori daromadli davlatlar qatoridan esa tahminan 2040-yilda joy olish mumkin.

2027-yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YAIM) 5 ming dollardan oshishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyadan ma’lum bo‘ldi.
Strategiyada ma’lum qilingan prognozga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,1 foizga o‘sadi va 2 kvdrln 183 trln so‘mga yetadi. Natijada aholi jon boshiga YAIM 4 629 dollarni tashkil qiladi.

Bu Jahon banki tomonidan tavsiflanuvchi yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar uchun oraliq — 4 636–14 375 dollardan biroz kamroq.
Shunga qaramay, 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 6,9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda iqtisodiyot 2 kvdrln 474 trln so‘mga yetadi va kishi boshiga YAIM 5 106 dollargacha ko‘tariladi.
Shu tariqa O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bilan dunyo bo‘ylab yuqori-o‘rta daromadli davlatlar qatoridan joy oladi.
2025-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston quyi-o‘rta daromadli davlatlardan biri hisoblanadi. 1999-yildan–2008-yilgacha mamlakat kam daromadli yoki kambag‘al davlat sifatida qayd etilgan.

Yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoridan joy olish O‘zbekiston tarixida birinchi marta sodir bo‘lishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘iston 2006-yildan beri bu ro‘yxatdan o‘rin olib keladi.
Jahon banki dunyo mamlakatlarini aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichiga qarab 4 ta guruhga ajratadi: kam daromadli, quyi-o‘rta daromadli, yuqori-o‘rta daromadli va yuqori daromadli mamlakatlar.
2026–2027-moliyaviy yili uchun amaldagi mezonlarga ko‘ra, aholi jon boshiga YAIM 1 175 dollargacha bo‘lgan davlatlar kam daromadli, 1 176–4 635 dollar oralig‘idagilar quyi-o‘rta daromadli, 4 636–14 375 dollar oralig‘idagilar yuqori-o‘rta daromadli, 14 376 dollardan yuqori ko‘rsatkichga ega mamlakatlar esa yuqori daromadli davlatlar hisoblanadi.
Ushbu chegaralar har yili 1-iyulda xalqaro inflatsiya hisobga olingan holda qayta ko‘rib chiqiladi. Shu sababli daromad guruhlari uchun belgilangan dollar oralig‘i yil sayin biroz o‘zgarib boradi.
O‘zbekiston qachon boy davlatga aylanadi?
Shunday qilib 2027-yilga kelib O‘zbekiston birinchi marta yuqori-o‘rta daromadli davlatlardan biriga aylanadi. Raqamlarga tayanib mamlakatning qachon boy davlatlar qatoridan joy olishini prognoz qilish mumkin.

Bunda 2029-yilgi hukumat prognozi boshlang‘ich nuqta sifatida olindi.
2018-yildan 2029-yilgacha O‘zbekistonda kishi boshiga YAIM yiliga o‘rtacha 11,6 foizdan o‘smoqda. O‘sish ko‘rsatkichi yillarga qarab farq qiladi va 2026-yilgi o‘sish 19 foizdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Bu O‘zbekiston so‘nggi yillardan yuqori iqtisodiy o‘sish jarayonini boshdan kechirayotganini bildiradi.
Keyingi yillarda ham aholi jon boshiga iqtisodiyot ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘rtacha o‘sish — 11,6 foiz saqlanib qolinadigan bo‘lsa, mamlakat 2039–2040-yillarda boy davlatlar qatoridan joy olishi mumkin.
O‘zbekistonda kishi boshiga YAIM bu davrda 19–20 ming dollar atrofida bo‘ladi. Jahon bankining yuqori daromadli davlatlar chegarasi esa har yili inflatsiya ta’sirini hisobga olgan holda yangilanadi.
Oxirgi o‘n yillikda bu chegara o‘rtacha 2–3 foiz atrofida yangilangani inobatga olinsa, 2040-yilida boy davlatlar chegarasi 18–19 ming dollar atrofida bo‘ladi.
Albatta bu prognoz faqat matematik tomondan qilingan bo‘lib, aslida iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘plab faktorlar o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shunga qarab O‘zbekiston boy davlatlar orasiga 2040-yildan erta yoki kechroq kirishi mumkin.





