Logo

O‘zbekiston 2027-yilgi U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Kecha 12:451 daqiqa

2028-yilgi U-23 Osiyo kubogi qayerda o‘tkazilishi ham aniqlandi. Mezbonlik uchun Yaponiya, Iordaniya, Qirg‘iziston, Qatar, O‘zbekiston hamda BAA nomzodini qo‘ygan edi.

O‘zbekiston 2027-yilgi U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi © UFA

2027-yilgi U-17 Osiyo kubogi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi belgilandi. Bu bo‘yicha Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida qit’a futboliga oid bir qator muhim qarorlar tasdiqlandi.

2029-yilgi U-17 Osiyo chempionati esa Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi. Ijroiya qo‘mitasi klublar o‘rtasidagi musobaqalarga ham bir qator o‘zgartishlar kiritdi. 2026–2027-yilgi mavsumdan boshlab AFC Chempionlar ligasi «Elite» yangi formatda o‘tkaziladi. Turnirda 32 ta klub ishtirok etadi. Qur’a tashlash jarayonida jamoalar avvalgi ikki emas, to‘rtta savatchaga ajratiladi. Har bir klub har bir savatchadagi raqiblarga qarshi ikkitadan o‘yin o‘tkazadi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masala — 2028-yilgi U-23 Osiyo kubogi mezboni ham aniqlandi. Los-Anjeles – 2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga Osiyo saralashi vazifasini bajaradigan ushbu musobaqaga Yaponiya mezbonlik qiladi. Mezbonlik uchun Yaponiya bilan bir qatorda Iordaniya, Qirg‘iziston, Qatar, O‘zbekiston hamda Birlashgan Arab Amirliklari nomzodini qo‘ygan edi. Keyinchalik BAA o‘z nomzodini qaytarib oldi.

AFC ma’lum qilishicha, barcha nomzodlar talablarga javob bergan. Biroq Yaponiya zamonaviy infratuzilmasi, musobaqani o‘tkazishdagi past xavf darajasi hamda yirik turnirlarni turli mintaqalar o‘rtasida navbat bilan o‘tkazish tamoyili asosida tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol bo‘yicha Jahon chempionati to‘rt yilda bir martadan ko‘proq o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid