add

O‘zbekiston Afg‘onistonga 183 tonna yordam yubordi

Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami yubordi. Balx viloyatiga yetkazilgan 183 tonna oziq-ovqat yuki rasmiylar ishtirokida topshirildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga 183 tonna yordam yubordi
O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga asosan, Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natildi. Yuk tarkibida 183 tonna oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lib, ular Balx viloyatidagi Hayraton shahri orqali qabul qilindi. Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, yuklar “Astras” kompaniyasi hududida rasmiy ravishda topshirildi. Topshirish marosimida O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris ishtirok etdi. Yordam yuklari tarkibidan un, guruch, shakar, makaron, qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan. Bu mahsulotlar Afg‘oniston aholisining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan. Afg‘oniston rasmiylari vakillari ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston Prezidenti hamda xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ular Qurbon hayiti munosabati bilan o‘z tabriklarini ham yetkazishdi. O‘zbekiston so‘nggi oylarda Afg‘onistonga bir necha marotaba insonparvarlik yordami yuborib kelmoqda. Bu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va do‘stlik munosabatlarining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid