O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

Ramazon hayiti munosabati bilan yuborilgan yukning umumiy og‘irligi 290 tonnadan ortiqni tashkil etadi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

2026-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi nomidan birodar Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi.

Umumiy og‘irligi 290 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat.

1

Insonparvarlik yukini rasman topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Mavlaviy Abu Idris, tashqi ishlar vazirligining Balx viloyati bo‘linmasi rahbariyati, shuningdek, Hayraton shahar hokimligi vakillari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqiga doimiy ko‘rsatib kelinayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, amaliy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

2

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Bu birinchi marta emas

O‘tgan yil ham 5-marta rahbariyati nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi gumanitar yordam topshirilgandi. Shulardan oxirgisi 29-dekabr kuni Balx viloyatida joylashgan Hayraton shahrida bo‘lib o‘tgan va unda ikki tomon rasmiylari ishtirok etgan.

O‘shanda umumiy og‘irligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan gumanitar yuk «Termez Cargo Centre» maydonchasida shakllantirilgan. Yuk tarkibi aholining eng zarur ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalardan iborat bo‘lgan.

Eronga ham yordam jo‘natilgandi

O‘zbekiston hukumati joriy yil 16-mart kuni Eron aholisi uchun ham insonparvarlik yordamini yuborgandi. Yordam yuki tarkibiga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, kungaboqar yog‘i va turli konservalar kiritilgan. Shuningdek, insonparvarlik yukida dori-darmonlar hamda tibbiy buyumlar ham mavjud.

3

Yuk Eron hududiga yetkazib berilgan va uni qabul qilish marosimida mahalliy vakillar ishtirok etgan. Xususan, Daregaz shahri hokimi Mo‘jtabo Bazmara, Eron Tashqi ishlar vazirligining Xuroson Razaviy viloyatidagi idorasi rahbari — vazir maslahatchisi Ali Masumifar hamda Eronning Turkmanistondagi elchisi Ali Mo‘jtabo Ruzbexani qatnashgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi | Vaqt.uz