add

O‘zbekiston aholisi bir yilda qariyb 700 ming kishiga ko‘paydi

Kecha 18:251 daqiqa

2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatda aholi sonining ortishi tabiiy o‘sish, ya’ni tug‘ilishlar hisobidan bo‘lgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston aholisi bir yilda qariyb 700 ming kishiga ko‘paydi

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 38 mln 236,7 ming kishini tashkil etdi, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 693,5 ming kishiga yoki 1,8 foizga ko‘pdir.

Aholining ko‘payish ko‘rsatkichlari

2025 yil yanvar–dekabr oylarida mamlakatda 879,6 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Shu davrda 177,1 ming nafar kishi vafot etgan. Natijada tabiiy o‘sish 702,5 ming kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich aholi o‘sishida asosiy omil sifatida baholanmoqda.

Migratsiya va oilaviy holat

Hisobot davrida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga 1 159 kishi ko‘chib kelgan. Shu bilan birga, mamlakatdan xorijga ko‘chib ketganlar soni 10 117 nafarni tashkil etgan. Shuningdek, 2025 yil davomida 267,1 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 46,9 mingta nikohdan ajralish holati rasman ro‘yxatga olingan.

Shahar va qishloq aholisi

Doimiy yashash hududlari kesimida qaralganda, aholining 19 mln 471,7 ming nafari shahar joylarda istiqomat qiladi. Bu umumiy aholi sonining 50,9 foizini tashkil etadi. Qishloq joylarda esa 18 mln 765,0 ming kishi yoki aholining 49,1 foizi yashaydi. Shu bilan shahar va qishloq aholisi o‘rtasidagi nisbat deyarli teng darajada saqlanib qolgan.

rasm

Gender tarkibi va zichlik

2026 yil 1-yanvar holatiga mamlakatda 18 mln 979,0 ming nafar ayol (49,6 foiz) va 19 mln 257,7 ming nafar erkak (50,4 foiz) istiqomat qilmoqda. Shuningdek, aholi zichligi har bir kvadrat kilometrga o‘rtacha 85,2 kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,6 kishiga oshgan.

Teglar

Mavzuga oid