
O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismida jamg‘arma yo‘q, Toshkentda bu ko‘rsatkich yanada yuqori
26.07.2025 | 10:3033484
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining kamida 34 foizi hech qanday pul jamg‘armasiga ega emas. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich 38 foizga yetgan, ya’ni qariyb har ikkinchi fuqaroda zaxira pul mavjud emas.

Hozirgi kunda ishlovchi aholining faqat 20 foizida rasmiy bank omonatlari mavjud. Yana 23 foizi pullarini uyda naqd shaklda saqlashini, yana shuncha kishi esa bank kartalarida saqlashini bildirgan. Boshqa so‘rov natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar soni Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ham 37 foizni tashkil qilgan. Eng yaxshi ko‘rsatkich Navoiyda: zaxiraga pul saqlamaydiganlar soni 25 foiz atrofida.
Bank omonatlariga ega bo‘lishda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (31 foiz), Buxoro (26 foiz) va Navoiy (24 foiz) viloyatlari yetakchi. Andijonda esa odamlar pullarini uyda saqlashni afzal ko‘radi: bu yerda bundaylar 36 foizni tashkil etadi. Jizzax va Namanganda bu ko‘rsatkich 27 foizga teng.
Omonat ochish usullariga kelsak, foydalanuvchilarning 36 foizi bankka borib naqd pul topshirishni, 29 foizi esa kartadan pul o‘tkazishni tanlagan. Ammo 35 foiz respondent mobil ilovalar orqali omonat ochishini ma’lum qilgan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 44 foizni, Toshkent va Qashqadaryoda esa 41 foizni tashkil etadi. Eng kam foydalanuvchilar esa Andijon (28 foiz) va Xorazmda (30 foiz) qayd etilgan.
Shu bilan birga, Andijon va Xorazmda odamlar naqd pul bilan omonat ochishni afzal ko‘rishadi — mos ravishda 47 foiz va 43% foiz. Toshkent va Qoraqalpog‘istonda esa bunday holat mos ravishda 29 foiz va 26 foiz.
Mobil ilovalar orqali omonat xizmatlaridan foydalanish darajasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi (61 foiz) va Buxoro viloyati (57 foiz) yetakchilik qilmoqda. Toshkent va Andijonda esa bu xizmatdan foydalanmaydiganlar soni undan foydalanuvchilar sonidan ko‘p: Toshkentda — 44 foizga qarshi 43 foiz, Andijonda — 43 foizga qarshi 37 foiz.





