
O‘zbekiston asosan qaysi davlatlardan mahsulot sotib olmoqda?
2025-yilning o‘n oyida O‘zbekiston 177 davlatdan mahsulot sotib oldi va import asosan Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonning import hajmi 37,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,9 foizlik o‘sishni ko‘rsatadi.
Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston 177 ta davlatdan tovar va xizmatlar import qilgan. Import manbalari ichida Xitoy mutlaq yetakchilikni saqlab qoldi. Xitoydan olib kelingan mahsulotlar hajmi 11,5 mlrd dollarga yetdi.
Rossiya 7 mlrd dollarlik import hajmi bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Qozog‘istondan 2,7 mlrd dollarlik mahsulotlar olib kelingani qayd etildi. Turkiya (1,5 mlrd dollar), Koreya Respublikasi (1,4 mlrd dollar) va Germaniya (953,9 mln dollar) ham O‘zbekistonning yirik savdo sheriklari sifatida qayd etildi.
Import hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Hindiston — 941,7 mln dollar, Turkmaniston — 753,2 mln dollar, Belarus — 632,5 mln dollar va AQSH — 614,4 mln dollar turibdi. Boshqa davlatlardan kelgan mahsulotlar yig‘indisi esa 9,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
Avvalroq O‘zbekiston asosan qaysi mahsulotlarni chet el mamlakatlaridan sotib olayotgani haqida xabar berilgandi.





