
O‘zbekiston atom energetikasi uchun o‘z mutaxassislarini tayyorlaydi
30.09.2025 | 14:3040073
«O‘zatom» va «Rosatom» hamkorligida Toshkentda muhandislik maktabi ochiladi, magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi va talabalar Rossiya ob’ektlarida amaliyot o‘taydi.

Moskvada o‘tgan uchrashuvda «O‘zatom» va «Rosatom» O‘zbekiston atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasini muhokama qildi. Bu haqda «O‘zatom» agentligi xabar berdi.
Yig‘ilishda «O‘zatom» direktori Azim Axmedxo‘jayev va «Rosatom» bosh direktorining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Tatyana Terenteva ishtirok etdi. Ular kadrlar tayyorlash rejasi, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim dasturlari haqida fikr almashdilar.
May oyida Toshkentda imzolangan kelishuvga asosan, 2025 yil oktyabrda Milliy yadro tadqiqot universiteti (MIFI)ning Toshkent filialida «Ilg‘or muhandislik maktabi» ochiladi. Bu yerda 20 ta eng yaxshi talabalar tahsil oladi, energiya xizmati, nanotexnologiya va radiatsion monitoring bo‘yicha laboratoriyalar ish boshlaydi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab Toshkentda yadroviy mutaxassisliklar bo‘yicha magistratura dasturlari ochiladi. Shu bilan birga, 2026 yildan O‘zbekistonlik bitiruvchilar «Rosatom» ob’ektlarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Jizzax viloyati Forish tumanidagi politexnikum bazasida AES uchun o‘rta maxsus texnik kadrlar tayyorlash dasturi ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuv yakunida ikki tomon atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlashni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt bo‘lgan katta va 110 MVt quvvatli kichik atom elektr stansiyasini qurilishi haqida xabar bergan edik. Bu loyiha O‘zbekistonning energetika sektoridagi katta islohotlardan biri hisoblanadi.





