add

O‘zbekiston banklari 2025 yilda rekord darajada foyda olmoqda

Bugun 14:354782 daqiqa

2025 yilning 11 oyida banklar 13,5 trln so‘m sof foyda oldi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 57 foizga ko‘p.

O‘zbekiston banklari 2025 yilda rekord darajada foyda olmoqda

1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklar 11 oy ichida 13,5 trln so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57 foizga ko‘proq. 

Foyda olish bo‘yicha rekord yil yakunlanmasdanoq yangilandi. 2023 yilda barcha banklar birgalikda 12,4 trln so‘m foyda olishga erishgandi. O‘sha yil banklarga juda muvaffaqiyatli kelgan. 

NBU Uzbekistan1

2025 yil ham o‘zbek banklari uchun omadli bo‘lmoqda. 9 oy yakunlariga ko‘ra, 35 ta bankdan 27 tasi 2024 yilga nisbatan moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilagan. 

Eng ko‘p foyda quyidagi banklarda: 

  • «Milliy Bank» — 1,45 trln so‘m;

  • SQB — 1,39 trln so‘m;

  • «Hamkorbank» — 1,27 trln so‘m;

  • «Kapitalbank» — 1,16 trln so‘m. 

  • «Orient Finance Bank» — 793,5 mlrd so‘m. 

Noyabr oyidayoq barcha banklarning foydasi 1,3 trln so‘mga ko‘paydi. Bu eng katta oylik o‘sishlardan biri hisoblanadi. 

Ijobiy o‘zgarishlardan biri banklarda foizli daromadlardan ko‘ra foizsiz daromadlar tezroq o‘smoqda. 11 oyda foizli daromadlar 14,6 foizga, foizsizlari esa ancha ko‘proq — 37,3 foizga ko‘paydi. 

Bu banklar faqat kredit berish bilan emas, balki xizmat ko‘rsatish orqali ham daromad olishga o‘tayotganini bildiradi. Raqamli bank xizmatlari kuchayishi fonida xizmat ko‘rsatish orqali daromad topish imkoniyati ortmoqda. 

Biroq, foizli daromadlar 115 trln so‘mdan oshiq bo‘lib, foizsiz daromadlardan qariyb 80 foizga ko‘proq bo‘lib turibdi. 

Bank tizimining boshqa bir qancha ko‘rsatkichlari ham 2024 yilga nisbatan yaxshilanmoqda. Soliq to‘langunga qadar sof foydaning jami aktivlarga nisbati (ROA) 1,7 foizdan 2,1 foizga o‘sdi. Bu banklar o‘z aktivlaridan samaraliroq foydalanayotganini bildiradi. 

Soliq to‘langunga qadar sof foydaning jami kapitalga nisbati (ROE) esa 9 foizdan 11,9 foizgacha yaxshilandi. 

Bu ijobiy o‘zgarishlarni 2024 yil banklar uchun juda og‘ir bo‘lgani bilan izohlash mumkin. Sababi 2023 yilni banklar ROA bo‘yicha 2,6 foiz, ROE bo‘yicha 14,2 foiz ko‘rsatkich bilan yakunlagan edi. 

Ya’ni 2025 yil, aslida og‘ir o‘tgan 2024 yil fonida ancha yaxshiroq ko‘rinmoqda. Biroq, 2023 yilgi ko‘rsatkichlarga hozircha yetib borilgani yo‘q.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 14

Barchasi

Mavzuga oid