Logo

O‘zbekiston banklari «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazishni to‘xtatmoqda

Bugun 19:201 daqiqa

To‘lov tizimiga aloqador tashkilot Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgandi. Banklar «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilganini aytmoqda.

O‘zbekiston banklari «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazishni to‘xtatmoqda

O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi 21-sanksiyalar paketi doirasida Rossiyaning «Zolotaya Korona» operatorini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi banklar birin-ketin bu xizmat orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtatmoqda.

Dastlab, «Asakabank» va «Agrobank» «Zolotaya Korona» pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilganini, tizimda texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Keyinchalik «Aloqabank» va «Mikrokreditbank» ham sanksiyaga tushgan tizim bilan pul o‘tkazmalari to‘xtatilganini e’lon qildi.

Xabar qilinishicha, sanksiyalar hozirda faqat «Zolotaya Korona» operatori va hisob-kitob markazi hisoblanuvchi «Platyojnыy Sentr»ga nisbatan qo‘llanilgan. To‘lov tizimining o‘ziga nisbatan sanksiyalar joriy qilinmagan.

Shunga qaramay, risklarning oldini olish va nazorat qilish maqsadida davlat banklari tizim bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Aksariyat xususiy banklar 2024-yilning yozidayoq «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatgan edi. O‘shanda to‘lov tizimiga aloqador kompaniya AQSH sanksiyalariga tushgandi.

Teglar

Mavzuga oid