
O‘zbekiston banklarining reytingi e’lon qilindi
06.10.2025 | 18:2017394
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yilning uchinchi choragi uchun banklar faollik indeksi bo‘yicha yangilangan reytingni e’lon qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) mamlakatda faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankini qamrab olgan navbatdagi «Banklar faollik indeksi»ni taqdim etdi. Ushbu indeks 27 ta koeffitsiyent asosida hisoblanib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlari va xalqaro standartlar bilan taqqoslanadi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, bank tizimi aktivlari 863 trln so‘mga yetgan. Majburiyatlar hajmi 734 trln so‘mni tashkil etgan. Kreditlash sur’ati 14 foizga sekinlashgan bo‘lsa, jamg‘arma va omonatlar 28 foizga o‘sgan. Milliy valyutadagi operatsiyalar ulushining oshishi so‘mning bozordagi barqaror rolini kuchaytirgan. Sektorning umumiy sof foydasi 9 trln so‘mga yetib, kapital rentabelligi 11,2 foizga oshdi.
Muammoli kreditlar ulushi 4,2 foizdan 3,8 foizga pasaydi, bu kredit portfeli sifati yaxshilanganini anglatadi. Yirik banklar guruhida «Kapitalbank», «Trast bank», «Hamkor bank» va «Oriyent finans bank» yetakchi to‘rtlikni saqlab qoldi. «Ipak yo‘li bank» birinchi bor kuchli beshlikka kirdi, «O‘zbekiston Milliy banki» ikki pog‘ona yuqoriladi. Shu bilan birga, «Xalq banki» va «Tenge bank» pastga tushdi.
Kichik banklar reytingida 15 moliyaviy muassasadan 8 tasi o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi. «Universal bank» yetakchilikni davom ettirdi, «TVS bank» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Eng katta o‘sishni «AVO bank» va «Eron Soderot bank» namoyon etdi, «Madat invest bank» esa ikki pog‘ona pasaydi.
Markaz ta’kidlashicha, depozitlarni faol jalb etib, kredit risklarini nazoratda ushlay olgan banklar yuqori natijalarga erishmoqda. Umuman olganda, O‘zbekiston bank tizimi barqarorlikni saqlagan holda raqobat muhitini kuchaytirmoqda va moliyaviy bozordagi faolligini oshirmoqda.





