add

O‘zbekiston Belarusni birinchi AES qurilishiga hamkorlikka chorladi

Prezident topshirig‘i bilan O‘zatom delegatsiyasi Belarus tajribasini o‘rganib, mamlakatni O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishida ishtirok etishga taklif qildi.

O‘zbekiston Belarusni birinchi AES qurilishiga hamkorlikka chorladi
O‘zbekiston Belarusni mamlakatda amalga oshiriladigan birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga qo‘shilishga taklif qildi. Bu haqda O‘zatom matbuot xizmati ma’lum qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, 5–6 avgust kunlari agentlik delegatsiyasi Belarusta bo‘lib, AES qurish va foydalanishdagi mahalliy tajribani har tomonlama o‘rgandi. O‘zatom direktori Azim Ahmedxo‘jayev Belarus energetika vaziri Denis Moroz bilan uchrashib, atom energetikasi sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Suhbatda yirik AESni energetika tizimiga integratsiya qilish, jismoniy himoya tizimini yaratishda tajriba almashish, ishlatilgan yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash, jamoatchilik bilan muloqot kabi masalalar ko‘rildi. Belarus tomoni AES qurilishi va ishlatilishi uchun zarur infratuzilma, xodimlar shaharchasi va mahalliylashtirish tajribasi haqida ma’lumot berdi. Ahmedxo‘jayev Belarusni loyiha bo‘yicha asosiy hamkorlardan biri sifatida ko‘rayotganini bildirib, «aloqa nuqtalari topilishi va hamkorlikni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar bor» deb ta’kidladi. Belarus energetika vaziri Denis Moroz 2023 yilda ishga tushirilgan, quvvati 2400 MVt bo‘lgan birinchi Belarus AES mamlakat elektr energiyasi ehtiyojining qariyb 40 foizini ta’minlayotganini aytib, belorus mutaxassislari O‘zbekistondagi AES qurilishida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Avvalroq, Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda ikki turdagi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid