add

O‘zbekiston Braziliyadan harbiy transport samolyotlarini sotib olmoqchi

Bugun 20:082 daqiqa

Braziliyaning «Embraer» aviakosmik kompaniyasi Singapur aviashousida dastlab noma’lum sifatida xabar berilgan «C-390 Millennium» transport samolyotining mijozi O‘zbekiston ekanini e’lon qildi.

O‘zbekiston Braziliyadan harbiy transport samolyotlarini sotib olmoqchi

3-fevral kuni Singapurda o‘tayotgan «Singapore Airshow» ko‘rgazmasida Embraer kompaniyasi avvalroq «maxfiy xaridor» sifatida e’lon qilingan C-390 Millennium harbiy-transport samolyoti uchun buyurtma bergan davlat — O‘zbekiston Respublikasi ekanini rasman ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari ushbu samolyotdan asosan harbiy transport va gumanitar missiyalarda foydalanadi. Shu orqali mamlakatning harbiy-logistika va favqulodda holatlarga javob qaytarish salohiyati sezilarli darajada oshiriladi. O‘zbekiston shu tariqa Markaziy Osiyo mintaqasida C-390 Millennium samolyotini ekspluatatsiya qilayotgan birinchi davlat bo‘ladi.

«Embraer Defense & Security» prezidenti va bosh ijroiya direktori Bosko da Kosta Junior O‘zbekistonning tanlovini alohida ta’kidlab o‘tdi:

«Biz O‘zbekiston Respublikasini C-390 operatorlari safiga qo‘shilgani bilan rasman qutlaymiz. O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari o‘z transport imkoniyatlarini zamonaviy bosqichga olib chiqmoqda. Biz ushbu ilg‘or samolyotning ishonchli va mukammal ekspluatatsiyasi uchun o‘zbek tomoni bilan yaqin hamkorlik qilamiz», — dedi u.

Samolyotning imkoniyatlari

XXI asrda ishlab chiqilgan «C-390 Millennium» o‘z sinfidagi eng zamonaviy harbiy-transport samolyot hisoblanadi. U 26 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘rta toifadagi boshqa harbiy-transport samolyotlariga nisbatan tezroq (470 uzel) va uzoq masofaga parvoz qila oladi.

Samolyot quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin:

  • yuk va shaxsiy tarkib tashish;

  • texnika va desant tushirish;

  • tibbiy evakuatsiya;

  • qidiruv-qutqaruv operatsiyalari;

  • yong‘in o‘chirish;

  • humanitar yordam missiyalari.

C-390 vaqtinchalik yoki asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalana oladi. KC-390 konfiguratsiyasida u havoda yoqilg‘i quyish samolyoti yoki qabul qiluvchi sifatida ishlay oladi. Samolyot NATO standartlariga to‘liq mos bo‘lib, Agile Combat Employment (ACE) operatsiyalari uchun ham mos hisoblanadi.

Xalqaro bozordagi o‘rni

C-390 Millennium samolyoti hozirgacha Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Slovakiya va Litva harbiy-havo kuchlari tomonidan tanlangan. Bu uning harbiy-transport segmentida ishonchlilik va ko‘p qirralilik bo‘yicha yetakchi ekanini ko‘rsatadi.

1969 yilda tashkil etilgan «Embraer» Braziliyada joylashgan global aerokosmik kompaniya hisoblanadi. U yo‘lovchi aviatsiyasi, biznes-aviatsiya, mudofaa va xavfsizlik hamda qishloq xo‘jaligi aviatsiyasi yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Shu kungacha kompaniya 9 mingdan ortiq samolyot yetkazib bergan bo‘lib, har 10 soniyada dunyoda Embraer samolyotlaridan biri havoga ko‘tariladi.

Teglar

Mavzuga oid