
O‘zbekiston BRM indeksida 19 pog‘onaga ko‘tarildi
25.06.2025 | 13:4047853
O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indeksida 2024 yilga nisbatan 19 pog‘onaga yuqorilab, 2025 yilda 62-o‘rinni egalladi. Bu haqda Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) e’lon qilgan so‘nggi hisobotda qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 73 ball to‘plagan holda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida barqaror rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etildi. 2015 yildan buyon mamlakat BRM sohasida doimiy ravishda ilgarilab kelmoqda.
SDSN hisobotining rasmiy taqdimotida Kolumbiya universiteti professori, SDSN asoschilaridan biri Jeffri Saks, O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi.
Jeffri Saks mamlakatdagi barqaror rivojlanish jarayonlarini yuqori baholab, bu natijalarga siyosiy yetakchilik va qat’iyat tufayli erishilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatdagi institutsional va tarkibiy islohotlar xalqaro reytinglarda O‘zbekiston mavqeini kuchaytirmoqda va bu barqaror rivojlanish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.





